iPhone 8 bilan bir vaqtda Apple Watch 3 ham namoyish etilishi mumkin

  •   DiMaX
  •  1017
  •  27.07.2017 10:27

iPhone 8 bilan bir vaqtda Apple Watch 3 ham namoyish etilishi mumkin

Apple aqlli soatlarining asosiy ishlab chiqaruvchisi Quanta Computer shu yilning ikkinchi yarmida noutbuklar, serverlar va taqiluvchi gadjetlardan keladigan daromadi oshishini ko‘zlamoqda. Bu esa, yangi Apple Watch modeli yaqin orada chiqarilishini anglatadi, deb yozadi Xitoyning Digitimes nashri.

Asosiy yetkazib beruvchi

Manba Apple Watch’ning keyingi avlodi ishlab chiqarilishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishora qilmoqda va uning savdosi tufayli Quanta daromadi o‘sishini aytmoqda. Ushbu kompaniya Apple aqlli soatlari oldingi ikkita avlodining asosiy yetkazib beruvchisi hisoblanadi va hozirgacha shu maqomini saqlab kelmoqda.

Compal Electronics ham Apple uchun soatlarni yetkazib beradi, ammo u faqat oldingi avlodlarga mansub modellarni qayta ishlaydi. Apple Watch Series 3 esa to‘laligicha Quanta Computer’ga qoladi, deyilmoqda xabarda.

Undan qo‘ng‘iroq qilsa bo‘ladi!

Shuningdek, internetda tarqalgan gap-so‘zlarga qaraganda, «Olma»ning yangi soatlari uyali aloqani ham qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Shu tariqa, iPhone’ga qo‘shimcha tarzida ishlab chiqarila boshlagan bu qurilma butunlay mustaqil gadjetga aylanadi. Ya’ni, uning o‘zidanoq qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish, internet-servislar orqali musiqa tinglash mumkin bo‘ladi; bular uchun yoningizda smartfon ham bo‘lishi talab etilmaydi.

Albatta, mazkur funksiyalarni bajara olishi uchun Apple Watch Series 3’ning dasturiy ta’minot qismi ham «baquvvatroq» bo‘ladi.

Eng muvaffaqiyatli taqiluvchi gadjet

Bugungi kunda Apple Watch – bozorga chiqarilgan aqlli soatlar orasida eng ommabopi hisoblanadi.

Apple o‘tgan yili mazkur devaysdan deyarli 12 million dona sotishga erishdi. Canalys’ning fevraldagi hisobotiga ko‘ra, ushbu muvaffaqiyatlar smart-soatlar bozorining 49 foizini Apple egallashiga olib keldi, deyiladi BGR xabarida.

Birgalikda qiziqroq

Yuqorida aytib o‘tilganlarni nazarda tutsak va watchOS’ning yangi versiyasi ham yaqin orada taqdim etilishini hisobga olsak, yana bir taxmin kelib chiqadi. Ya’niki, Apple Watch Series 3 qurilmasi shu yilning kuzida, iPhone 8 va iPhone 7s smartfonlari bilan birgalikda namoyish etiladi.

 Bu boradagi yangiliklardan birinchilar qatorida boxabar bo‘lish uchun bizdan uzoqlashmang!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!