iPhone 8’da barmoq izi skaneri o‘z joyida qoladi, ammo…

  •   DiMaX
  •  2518
  •  27.05.2017 17:45

iPhone 8’da barmoq izi skaneri o‘z joyida qoladi, ammo…

Apple kompaniyasining «yubiley» smartfoni – iPhone 8’ning old panelini displey to‘liq egallab olishi ma’lum. Shu sababli, xabarlarda barmoq izi skaneri qurilmaning orqa paneliga «ko‘chirilishi» haqida ham gap boradi. Bu esa Touch ID qurilmaning oldida joylashganiga o‘rganib qolgan foydalanuvchilarning noroziligiga ham sabab bo‘lmoqda. Digitimes portalining yozishicha, bu datchik o‘z o‘rnida qoladi, ammo u endi avvalgilaridek bo‘lmaydi.

Xullas, Apple barmoq izi skanerini to‘g‘ridan-to‘g‘ri OLED-displeyning… orqasiga joylashtiradi! Bu endi Android-smartfonlardagi singari shunchaki sersorli tugmacha bo‘lmaydi. U ekranning tagida joylashadi, kerak bo‘lsa, barmoq izi skaneri ekrandagi tasvirga xalaqit bermaslik uchun yashirina oladi.

Faqat bitta masalani Apple qanday hal etishi hozircha noma’lum: ekran oynadan bo‘lgach, u barmoq izlarini saqlab qolishi aniq. Shunday ekan, egasini bu izdan tanib olish funksiyasi qanchalik to‘g‘ri ishlar ekan? Hozircha ma’lum bo‘lgani shuki, skanerning joylashuvi sababli, displey tomonlarining o‘zaro uyg‘unligi iPhone 7 modelidagi kabi 16:9 emas, balki 18,5:9 nisbatda bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bloger Benjamin Geskin iPhone 8 flagmanining renderlarini e’lon qilgan, keyinroq qurilmaning taxminiy narxi ham aytilgan edi. Unda biz bo‘lajak yubiley flagmanining «jonli» maketini ko‘rishimiz mumkin. Bu maket avval e’lon qilingan chizmalar, renderlar, videolavhalar va fotosuratlardagi ko‘rinishga muvofiq tayyorlangan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!