iPhone 8’ga xos yana bir inqilobiy texnologiya ma’lum bo‘ldi

iPhone 8’ga xos yana bir inqilobiy texnologiya ma’lum bo‘ldi

iPhone so‘nggi yillarda aksariyat Android-smartfonlar bilan solishtirib ko‘rganda, sifatli surat va tasvir oladigan kamerasi bilan peshqadam bo‘lishga harakat qilmoqda. Bu bekorga emas, ayfonning keyingi avlodlari uchun kamera texnologiyasini yaratishga mingga yaqin mutaxassislardan iborat jamoa bosh qotirmoqda. Bir necha yil avval Apple rahbari Tim Kuk ayfon kamerasi uchun 800 nafar ekspert va xodimlar jalb qilinganini aytgan edi va bu ayfonning 7-avlodida o‘z natijasini berdi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Apple korporatsiyasi iPhone 8 uchun o‘ziga xos kamera yaratmoqda. Bu kamera 3D-fotosuratlar oladi hamda egasining yuz qiyofasini skanerlab, so‘ng tizimga kirishiga ruxsat beradi. Bu hozir biz to‘xtaladigan innovatsiya emas.

iOS 11 operatsion tizimi taqdim qilinganida iPhone 8 bilan bog‘liq yana bir muhim funksiya ma’lum bo‘ldi. Yangi avlod ayfonlarida tatbiq qilingan Core ML tizimida ishlaydigan Vision Kit texnologiyasi sun’iy aql yordamida o‘z foydalanuvchisiga biror ob’yekt to‘g‘risida ma’lumot beradi. Buning uchun kamerani o‘sha buyumga tutish kifoya.

Dasturchi Kris Griningning ma’lum qilishicha, gadjet ob’yektlarni adashmay taniydi va ular to‘g‘risida ma’lumot beradi. Jumladan quyidagi videoda smartfon buyumlarning nomlarini deyarli adashmay ko‘rsatyapti. Eng qizig‘i, u hozircha Apple’ning ayfonini “aypod” deb o‘ylayapti, shuningdek “telefon”, “modem”, “dinamik” degan variantlarni ham taqdim qilmoqda. Texnologiya hozir qayta ishlash jarayonida.

To‘g‘ri, bu texnologiya g‘oyasi bir necha yil avval ma’lum qilingan edi. Ehtimol, iPhone 8 buyumlarni taniydigan ilk smartfon bo‘lishi mumkin. Ma’lum qilinishicha, bu texnologiya raqiblariga qaraganda 6 barobar tezroq ishlaydi.

Apple yangi flagmanini 17 sentyabrda taqdim qilishi mumkin. Uning oktyabr oyida savdoga chiqarilishi kutilmoqda.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!