iPhone 8 ni ishlab chiqarish boshlandi, taqdimot sentyabrda bo‘ladi

iPhone 8 ni ishlab chiqarish boshlandi, taqdimot sentyabrda bo‘ladi

iPhone 8 ni ommaviy ravishda ishlab chiqarish jarayoni boshlangan va, xabar berishlaricha, yangi qurilmaning rasmiy taqdimoti an’anaviy ravishda sentyabrda bo‘lib o‘tdi, deb yozmoqda Apple Insider.

So‘nggi oylarda ko‘plab mutaxassislar Apple’ning har doimgidek sentyabrda yangi smartfon taqdimotini o‘tkaza olishiga shubha bilan qarayotgan edi. Bunday xulosalar tahlilchilar (masalan, Bank of America yoki Morgan Stanley kabilar)ning to‘la e’lon qilinmagan prognozlari asosida ilgari surilayotgan edi.

Qurilmalarni cheklangan miqdorda yetkazib berish masalasi hali ochiq qolayotgan bo‘lsa-da, Apple kompaniyasi iPhone’ning so‘nggi 10 yildagi eng katta partiyasi ishlab chiqarilishini kechiktirishi ehtimoli juda kam. Bunga yangi qurilmani ommaviy ishlab chiqarish boshlangani haqida @OnLeaks ma’lumotlari dalil bo‘la oladi.

Bu iPhone 8 ning taqdimoti baribir sentyabr oyida bo‘lishidan darakchi bo‘lishi mumkin. Apple’ning keyingi chorak yakunlari bo‘yicha prognozi ham bu fikrni dalillaydi — kompaniya savdolarni 12 foizga oshirishni maqsad qilgan, buni esa yangi qurilmasiz eplab bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, @OnLeaks ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin vaqt ichida biz yangi qurilma haqida yanada ko‘proq sizib chiqqan ma’lumotlarga ega bo‘lishimiz mumkin. Chunki ommaviy ishlab chiqarish salohiyatli “josuslar”ga Apple’ning qarshiliklariga qaramay, bir necha suratlarni internetga chiqarib yuborishga imkon beradi.