iPhone 8’ning eng batafsil videosi: «yubiley smartfoni»ni har tomonlama tomosha qiling!

  •   DiMaX
  •  2114
  •  29.06.2017 13:50

iPhone 8’ning eng batafsil videosi: «yubiley smartfoni»ni har tomonlama tomosha qiling!

Rasmiy taqdimotidan avval yangi gadjetlarning xususiyatlari haqidagi ma’lumotlar tarqalishi an’anaga aylanib ham bo‘lgan. Bu holat, jumladan, Apple’ning «yubiley smartfoni»ga ham tegishli. Bu boradagi eng ishonchli manbalardan biri – @OnLeaks blogi esa iPhone 8 tasvirlangan eng batafsil videolavhani tarqatdi, deb yozadi Hi-Tech Mail.Ru.

Chindan ham, bu – Apple’ning kutilayotgan flagmani to‘g‘risidagi bugungi kundagi eng uzun hamda smartfon har tomonlama ko‘rsatilgan videolavhadir. Bir tomondan qaraganda, unda hech qanday yangi ma’lumot yo‘q – bu paytgacha iPhone 8 to‘g‘risida, uning xususiyatlari haqida ko‘p narsa ma’lum o‘zi. Ammo ikkinchi tomondan, bu videorolikni ko‘riboq kishining shu smartfonni xarid qilgisi, loaqal qo‘liga olib ko‘rgisi kelib qoladi. Chunki mazkur gadjet chindan ham maftunkor, bu videoda esa uning go‘zalligi bor bo‘yi bilan ko‘rsatilgandek go‘yo.

Guvohi bo‘lganingizdek, lavhaning so‘ngida iPhone 8 har tomonlama ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, qurilmaning o‘lchamlari 143,5x71x7,5 mm.ni tashkil etadi. Bu esa, yangi flagman iPhone 7 (138,3x67,1x7,1 mm) modelidan birmuncha kattaroq, iPhone 7 Plus (158,2x77,9x7,3 mm) devaysidan esa anchagina kichik ekanini anglatadi.

Turli gap-so‘zlarga qaraganda, iPhone 8 diagonali 5,8 dyuymli displeyga ega bo‘ladi. Old yuzasida Home tugmachasi yo‘qligiga ko‘ra, barmoq izi skaneri ekranning o‘ziga joylashtiriladi. Hozircha bu haqda tasdiqlangan ma’lumotning o‘zi yo‘q. Ammo kuni kecha Qualcomm Technologies kompaniyasi shunga o‘xshash – oldingi barmoq izi skanerlaridan tubdan farq qiluvchi, metall, shisha va displey orqasida joylashuvchi Qualcomm Fingerprint Sensors texnologiyasini taqdim etdi. Balki Apple ham shu kabi texnologiyani yaratgan va to yangi flagmanga joriy etmagunicha oshkor qilmay turgan bo‘lishi mumkin.

Umuman olganda, iPhone 8 shunchaki yangi flagman bo‘lib qolmasdan, balki, anchadan beri o‘z smartfonlarini tubdan yangilamagan Apple uchun taraqqiyotning yangi bosqichi bo‘ladi. Shuningdek, ilk iPhone chiqqanidan buyon o‘n yil o‘tganini inobatga olsak, yubileyga ajoyib sovg‘a bu!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.