iPhone 8'ning raqibi ertaga namoyish qilinadi, 1 haftadan so‘ng sotuvga chiqadi

iPhone 8'ning raqibi ertaga namoyish qilinadi, 1 haftadan so‘ng sotuvga chiqadi

Yaponiyaning Sharp kompaniyasi tomonidan avgustda taqdim qilinishi kutilayotgan Aquos S2 smartfoni qator o‘ziga xos jihatlarga ega bo‘ladi. Bu haqda PR NewsWire nashri xabar tarqatgan.

Render suratlariga ko‘ra, smartfon bu yilgi "bayroqdor"lar bilan raqobatga kirishadi va romdan xoli displeyi bilan trendda bo‘ladi. Aslida Sharp 2014 yildayoq juda yupqa romli Aquos Crystal'ni taqdim qilgan edi. Korpusning yon tomonini o‘rab olgan 2 millimetrli rom, shuningdek ekranining yuqori qismi romsiz ishlangani bilan bu gadjet ko‘pchilikning diqqatini tortgan edi.    

Sharp bosh direktori Lo Chjunshenning so‘zlariga qaraganda, to‘liq ekranli dizayn foydalanuvchi uchun vizual qulaylikni oshiradi.

Sharp kompaniyasi taqdimot kunini rasman e’lon qildi — 8 avgust. Taqdimot Pekinda bo‘lib o‘tadi va smartfon 14 avgustdan sotuvga chiqariladi. Uning 500 AQSh dollaridan sotilishi kutilmoqda.

Gadjetga 6 yadroli Qualcomm Snapdragon 630/660 protsessori, 4/64 GB xotira, 5,5 dyuymli ekran o‘rnatiladi. Barmoq izlari skaneri virtual ko‘rinishda ekranda joriy qilinadi. Ekran yuqori sig‘imli -- 2040x1080 (4K-displeyli modeli ham kutilmoqda) pikselli. Qo‘sh ob’yektivli bosh kamera 8 Mp + 12 Mp sensorlardan tarkib topadi, shuningdek old kamera uchun 8 megapikselli modul tanlangan.

Ekspertlarning fikricha,  Sharp Aquos S2 dizayn va texnik jihatdan kuchli jihatlarga ega bo‘ladi va bozorda iPhone 8'ning jiddiy raqibiga aylanishi mumkin.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.