iPhone bunaqa jaziramaga bardosh berolmasligi mumkin

  •   DiMaX
  •  1281
  •  22.06.2017 18:02

iPhone bunaqa jaziramaga bardosh berolmasligi mumkin

Yozda, xususan, bizning O‘rta Osiyoda havo harorati yuqori bo‘lishi ma’lum. Mutaxassislar bunaqa iqlim sharoitida smartfonlarni issiqdan avaylash kerakligini aytishmoqda. Angliyaning Kornuoll shahridagi ayolning iPhone’i ichki qismlari quyoshda erib ketganligi esa ehtiyotkorlikni oshirish uchun yana bir sabab bo‘la oladi. Bu voqea xususida CultofMac nashri xabar bergan.

Kafeda tushlik qilayotib, ayol o‘z sumkasidan smartfonini chiqaradi va uni deraza tokchasiga – quyosh nurlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushib turgan joyga qo‘yadi. Keyin qo‘liga olganida, iPhone 6s endi ishlamayotganini payqaydi.

Ayol murojaat etgan servis markazi xodimlarining ta’kidlashlaricha, avval bunday holatga umuman duch kelishmagan. «Oldin men smartfonni bunaqa ahvolda olib kelishganini umuman ko‘rgan emasman, – deydi ustaxona sohibi. – Displey shleyflari, asosiy kamera moduli – barchasi tom ma’noda erib ketgan ekan».

Quyoshda erib ketgan smartfon va uning sohibasi haqida boshqa ma’lumot berilmagan. Aftidan, kompaniyaning kafolati bu qadar o‘ziga xos shikastlanishlarni o‘z ichiga olmaydi va endi ayol yangi smartfon xarid qilishiga to‘g‘ri keladi. Albatta, keyin uni issiqdan, quyosh nurlaridan asraydi ham.

Apple’ning bu boradagi rasmiy nuqtai nazari ma’lum: iPhone’ni Selsiy shkalasi bo‘yicha 35 darajadan yuqori haroratda ishlatmaslik kerakligi uning qo‘llanmasida yozilgan. Ushbu tavsiyaga amal qilmaslik esa smartfonning ayrim funksiyalari ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin, deya ta’kidlangan. Biroq iPhone’ning ichki qismlari tom ma’noda erib ketishi mumkinligidan ular ogohlantirishmagan.

Ta’kidlash kerakki, bu holatning avvalgi yillarda ko‘p uchragan voqealar – akkumulyatorlarning portlashiga aloqasi yo‘q.

Nima ham derdik, biz ham saytimiz o‘quvchilariga, o‘zlarining smartfon va boshqa qurilmalarini jaziramadan, ayniqsa tikka quyosh nurlaridan ehtiyot qilishlarini tavsiya etamiz.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.