iPhone’da to‘g‘ri suratga olishni o‘rganamiz (videoqo‘llanmalar)

  •   DiMaX
  •  2137
  •  20.05.2017 10:38

iPhone’da to‘g‘ri suratga olishni o‘rganamiz (videoqo‘llanmalar)

Apple smartfonlarining kamerasi sifatli bo‘lgani bois, ularda rasm va videolarni suratga olish ancha samaralidir. Jumladan, iPhone 7 bu borada 82 ming dollarlik Arri Alexa bilan bellashganidan ham xabaringiz bor.

Imkon qadar ko‘proq foydalanuvchilar iPhone’da ana shunday sifatli suratlarni olishni o‘rganishlari uchun, Apple o‘zining YouTube-kanalida hamda saytida maxsus roliklar joyladi. Bu lavhalar orqali iPhone kamerasida to‘g‘ri rasmga tushirish sirlari soddagina qilib ko‘rsatib berilgan.

Aytish mumkinki, bu – Apple taqdim etgan o‘ziga yarasha boshlang‘ich mobil fotosuratkashlik kursidir. Kompaniya o‘z kanaliga fotosuratlarning eng ommalashgan besh turini tasvirga muhrlash bo‘yicha tavsiyalarini berib o‘tgan: portretlar, makro, ekshn, panorama hamda kechki suratlar.

Ularda birorta ham murakkab yoritish sxemalari yoki professional atamalar qo‘llanmagan. Barcha ma’lumotlar o‘ta sodda va qulay shaklda taqdim etilgan. Masalan, kechqurungi portretni suratga olish shunday tushuntirilgan: telefonni chiqaramiz, chaqnoqni yoqamiz, yorug‘lik manbaini topamiz, yaxshi chiqadigan rakursni tanlaymiz – bo‘ldi!

Aytish mumkinki, bular – o‘ta oddiy, boshlang‘ich darajadagi maslahatlar, biroq ular chindan ham amaliy xarakterga ega. Axir, ko‘pchilik hatto shu oddiy qoidalarga ham amal qilmasdan suratga olayotganiga hayotda guvoh bo‘lyapmiz-ku.

Agarda sizga bu borada ko‘proq misollar kerak bo‘lsa, Apple rasmiy saytida tashkil etilgan maxsus sahifaga kirishingiz mumkin. U yerda yana qo‘shimcha 11 ta videolavha joylangan bo‘lib, ularda turli vaziyatlarda suratga olish sirlari sodda tarzda ko‘rsatib berilgan.

Aytish kerakki, bu – kompaniya avvalroq ma’lum qilgan, katta o‘quv kursining bir qismi, xolos. Bu kabi videodarslardan tashqari, kompaniya ayrim xorijiy Apple Store’larda turli professional fotosuratkashlar bilan master-klasslar ham uyushtirishni va’da qilyapti. Ularga barcha istovchilar kirishlari mumkin bo‘ladi.

Bularning barchasi foydalanuvchilarning Apple mahsulotlariga sodiqligini oshiradi. Tan olish kerak, o‘z ixlosmandlariga bunday g‘amxo‘rlik qilishga har bir kompaniya ham qo‘l uravermaydi. Fotosuratkashlik asoslarini o‘rganib qo‘yish esa hech kimga ortiqchalik qilmaydi, nima dedingiz?