iPhone’dagi hoziroq o‘chirib qo‘yish kerak bo‘lgan to‘rtta sozlama

  •   DiMaX
  •  4773
  •  26.01.2018 13:20

iPhone’dagi hoziroq o‘chirib qo‘yish kerak bo‘lgan to‘rtta sozlama

Apple smartfon va planshetlari ko‘plab foydali funksiyalarga ega bo‘lib, foydalanuvchlar ularning aksariyatini bilmasliklari ham mumkin. Shu bilan birga, iPhone va iPad’larning «zararli» funksiyalari ham borligidan xabardormisiz?

O‘QING: iPhone yoki iPad keshi va xotirasini tozalaymiz

Gap shundaki, Apple qurilmalaridagi boshlang‘ich sozlamalar ulardagi turli servislarni takomillashtirib borish uchun ma’lumotlarni to‘plashga va Apple’ga uzatib turishga moslangan. Bu ma’lumotlarni muntazam yuborib turish esa devaysning quvvatiga, tizim resurslariga va... sizning internet-trafigingizga salbiy ta’sir etadi. Shunday ekan, ularni o‘chirib qo‘yish nafaqat bezarar, balki hatto foydali ham!

Qani, ketdikmi?

Ilovalar joningizga tegmasligi uchun...

iPhone hamda iPad’lardagi ko‘pchilik dasturlar aksariyat hollarda foydalanuvchilarga murojaat etib, App Store’da ularni baholashini so‘rashadi. Shu bois tushgan ko‘plab shikoyatlar tufayli Apple har bir ilovadagi bunday bildirishnomalarni imkon qadar cheklab qo‘ygan. Shunga qaramasdan, sizga bildirishnoma yuborib turadigan ilovalar ko‘p.

Bunday bildirishnomalardan birato‘la xalos bo‘lishda esa iOS’ning o‘zi yordam beradi. Buning uchun «Sozlamalar» («Nastroyki») menyusidagi «iTunes Store i App Store» bo‘limiga kirasiz. Shu yerda ilovalarni baholash va ular haqida fikr yuborish uchun «Otsenki i otzivi» degan bandi bor. O‘shani o‘chirib qo‘ysangiz, keyin dasturlarni baholashingizni so‘rab bildirishnoma yubormaydi.

Videolarni o‘zingiz boshqaring!

App Store katalogida 2017 yili o‘tkazilgan yangilanishdan keyin, undagi ilovalar sahifalaridagi videolar avtomatik tarzda ijro etiladigan bo‘lib qolgan. Bir qaraganda bu aytarli muammo emas, ammo ko‘plab videolar, xususan, o‘yinlar treylerlari kutilmaganda baland ovoz bilan boshlanib ketadi. Bu esa aksariyat hollarda yoqimli bo‘lmaydi, qolaversa, bu hol internet-trafikning ham kushandasi hisoblanadi.

App Store’dagi ilovalar sahifalarida videolarning o‘z-o‘zidan boshlanib ketishini o‘chirib qo‘yish juda oson. Buni amalga oshirish uchun yana o‘sha «Sozlamalar» («Nastroyki») menyusidagi «iTunes Store i App Store» bo‘limiga kirasiz. Videolarning avtomatik ijro etilishini sozlaydigan «Avtovospr. video» qismini ochib, o‘chiq holatini anglatuvchi «Vikl» bandini belgilab qo‘yasiz. Shundan so‘ng App Store’dagi roliklar sizni bezovta qilmay qo‘yadi.

Ma’lumotlaringizni Apple’ga jo‘natish shartmas

iOS tizimini takomillashtirish maqsadida Apple kompaniyasi muntazam tarzda foydalanuvchilarning iPhone va iPad’laridan ma’lumotlarni to‘plab boradi. Nima bo‘libdi, shunga shunchami, dersiz balki? Afsuski, operatsion tizimning iOS 11 talqinida bu borada yetarlicha muammolar mavjud. Foydalanuvchilarning shikoyatlariga va ishlab chiquvchilarning sa’y-harakatlariga qaramasdan, bu borada ahvol hech o‘nglanmayapti...

Umuman olganda, siz nega o‘z shaxsiy ma’lumotlaringizni Apple’ga taqdim etib borishingiz kerak? Tag‘in, bu jarayon iPhone yoki iPad’ingiz resurslarini ko‘p talab qilsa, batareya quvvatini pasaytirib yuborsa, vaqtingizni o‘g‘irlasa, megabaytlaringizni ko‘p sarflasa – zarurmi shu?

Xullasi kalom, Apple’ga ma’lumotlaringizni uzatib borish funksiyasini cheklash uchun «Sozlamalar» («Nastroyki») menyusining «Maxfiylik» («Konfidensialnost») bo‘limiga kirasiz. Undan esa «Tahlil» («Analiz») degan joyga o‘tib, qurilma tahlili ma’lumotlarini taqdim qilishni anglatuvchi «Delitsya Analizom iPhone» bandidan belgichani olib tashlaysiz.

Befoyda «Xaritalar»ni takomillashtirish sizga qarab qolmagan!

Apple’ning «Xaritalar» («Karti») ilovasini bizda juda kam sonli foydalanuvchilar ishlatadi.  Bunga ajablanmasa ham bo‘ladi, chunki kupertinolik gigantning kartografik servisi asosan AQSh, Xitoy va ayrim Yevropa mamlakatlariga e’tibor qaratilgan holda yangilab va yaxshilab boriladi. Bizning hududlarda esa bundan boshqa istalgan xarita-navigatsiya servisi yaxshiroq ishlaydi.

Boshlang‘ich sozlamalarga ko‘ra, iPhone mazkur «Xaritalar» ilovasi orqali ham ko‘p ma’lumotlarni Apple’ga uzatib turadi – ular asosida kupertinodagi mutaxassislar ushbu dasturiy ta’minotni rivojlantirib borishadi. Ammo bu rivojlantirishning, yuqorida ta’kidlaganimizdek, bizga umuman keragi yo‘q. Shunday ekan, bu foydasiz ishga tizim resurslarini, akkumulyator quvvatini hamda qimmatli megabaytlaringizni sarflash aslo shart emas.

Mazkur funksiyani o‘chirib qo‘yish esa «Sozlamalar» («Nastroyki») menyusining o‘sha «Maxfiylik» («Konfidensialnost») bo‘limi orqali amalga oshiriladi. Bu bo‘limdagi geolokatsiya xizmatlarini aks ettiruvchi «Slujbi geolokatsii», undan esa tizim xizmatlari – «Sistemnie slujbi» bo‘limiga o‘tasiz. Mana shu joydagi to‘rtta – «Analiz iPhone», «Marshrutizatsiya i trafik», «Populyarnoye ryadom» hamda «Uluchsheniye Kart» bandlarini o‘chirib qo‘ysangiz bo‘ldi.

Sozlamalarda yuqoridagi funksiyalarni o‘chirib qo‘yish orqali siz o‘z iPhone yoki iPad’ingizning quvvatini, resursini hamda internet-trafikni yaxshigina tejaysiz.

O‘QING: Smartfondan o‘chirish kerak bo‘lgan 5 ta ilova

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!