iPhone haqida eng keng tarqalgan oltita aldov

  •   DiMaX
  •  2504
  •  14.11.2019 13:55

iPhone haqida eng keng tarqalgan oltita aldov

Android-smartfonlardan farqli ravishda, Apple o‘z ayfonlarida o‘zining yopiq iOS tizimini qo‘llaydi. Shu boisdan ham boshqa telefonlarda ishlaydigan ayrim «hiyla»lar iPhone’larga o‘tmaydi.

O‘QING: Har qanday iPhone’ning yangi yoki qayta tiklangan ekanini osongina aniqlaymiz!

Bugun kupertinolik texnogigantning smartfonlari haqida eng keng tarqalgan va ko‘pchilik ishonadigan oltita xato tushuncha haqida so‘z yuritamiz.

  1. Fon rejimidagi ilovani yopganda iPhone tezlashadi va batareya quvvati tejaladi.

Bo‘lmagan gap! Sababi shundaki, Android operatsion tizimidan farqli o‘laroq, iOS’da fon rejimidagi dasturlar ham xuddi to‘liq yopilgan ilovalarchalik resurs sarflaydi. Shuning uchun ularni yopishdan foyda yo‘q, balki hatto aksincha. Chunki ilovani har gal qaytadan ochganingizda uning qayta ishga tushirilishi uchun vaqt va akkumulyator quvvati ketadi.

  1. Rasm, dastur va o‘yinlarni o‘chirib tashlab, iPhone samaradorligini oshirish mumkin.

Bunisi ham xato fikr. Ayfon xotirasida joy qolmagan taqdirdagina bularni o‘chirib tashlash foyda beradi. iOS tizimining ishlash tezligi esa qurilma xotirasidagi bo‘sh joyga umuman bog‘liq emas. Shundog‘am Apple uning uchun keragidan ortiq gigabayt miqdorida joy ajratib qo‘ygan.

  1. Keshni tozalasa, ayfonning ishlash tezligi ortadi.

Bu gapga ham ishonmay qo‘yavering. Aksincha – siz ko‘p qo‘llaydigan ilovalarning tezroq ishlashiga yordam beradi. Safari’da veb-sahifalarning bir zumda yuklanishi aynan shu kesh sharofati bilan amalga oshadi (xuddi kompyuter brauzerlaridagi kabi).

O‘QING: Apple quvvati bir oyga yetuvchi «dunyodagi eng zo‘r professional noutbuk»ni taqdim etdi!

  1. iPad quvvatlash uskunasi bilan iPhone’ni zaryadlash unga ziyon yetkazadi.

Aksincha, Apple planshetining zaryadchigi bilan ayfoningizni bemalol quvvatlayvering. Bu ikki gadjet egalari ularning quvvatlagichlarini hamisha chalkashtirib yurishlari mumkinligini korporatsiya mutaxassislari anglab yetishgan. Shu boisdan har ikkalasini maxsus kontrollerlar bilan jihozlashganki, ular akkumulyatorni shikastlanishdan saqlab turadi.

  1. Chet ilovalar bilan iOS tizimining ishlashini optimizatsiya qilsa bo‘ladi.

Bekor gap! Yopiq tizim bo‘lganligi sababli, birorta dasturchi iOS ichini «kavlashtira» olmaydi. Tabiiyki, tizimning ishiga ta’sir etuvchi ilova yarata olmaydi ham. Shu boisdan, iPhone’ni optimizatsiya qilish va tezligini oshirishni da’vo qiluvchi turli dasturlar aslida hech bir ish qilmaydi.

  1. Ayfon ichki xotirasidagi qo‘shimcha joylarni tozalay oluvchi dasturlar bor.

Buning yolg‘onligi ham yuqoridagi sababga bog‘liq – Apple chet ilovalar uchun o‘z operatsion tizimi sozlamalariga, qurilmalar parametrlariga kirishni taqataq yopib qo‘ygan. «Xotirani tozalaydigan» dasturlar esa shunchaki buni qilgandek bo‘lib sizga chiroyli animatsiyani, tag‘in ora-orada reklamalarni ko‘rsatadi, buning evaziga reklama beruvchilardan pul ishlaydi, tag‘in ilovaning reklamasiz «premium-versiyasi»ni tavsiya etadi – tekinga emas, albatta.

Demak, anglaganingizdek, ayfoningiz tizimidagi muhim ishlarni faqat Apple tavsiya va taklif etgan usul hamda vositalar bilan amalga oshiravergan ma’qul.

O‘QING: iPhone sotishdagi eng keng tarqalgan aldovlar va ularga aldanmaslik yo‘llari

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!