iPhone’ingiz kamerasi va mikrofoni orqali qaysi ilovalar sizni kuzatayotganini bilasizmi?

  •   DiMaX
  •  2153
  •  30.04.2018 10:34

iPhone’ingiz kamerasi va mikrofoni orqali qaysi ilovalar sizni kuzatayotganini bilasizmi?

iOS tizimi o‘z foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlari maxfiyligini yuksak darajada ta’minlashi bilan mashhur. Ammo Apple qurilmalari egalarining hammasi ham bu masalaga jiddiy yondashavermaydilar.

Ko‘pincha ayfon egalari bilib-bilmasdan, smartfonidagi ayrim ilovalarga uning mikrofoni va kamerasidan foydalanishga ruxsat berishadi. Aslida esa bu dasturlar shu datchiklar orqali iPhone egasini ta’qib etishi ham mumkinligini ko‘pincha o‘ylamaymiz. Umuman olganda, bu ilovalarning hammasiga ham keragidan ortiqcha ruxsat berish to‘g‘ri emas.

O‘QING: Smartfoningiz ta’qibidan qutulishni bilasizmi?

Xullasi kalom, iPhone’ingiz kamerasiyu mikrofoni orqali sizni kuzatayotganligi ehtimoli bo‘lgan ilovalarni aniqlash va ularni cheklab qo‘yish aslo zarar qilmaydi. Buni esa quyidagi usulda amalga oshiramiz.

  1. Ayfondagi «Sozlamalar», ya’ni «Nastroyki» ilovasini ochib, uning «Maxfiylik» – «Konfidensialnost» bo‘limiga kirasiz.

  1. Undagi «Mikrofon» varaqasiga o‘tasiz – shu yerdagi ro‘yxatda aks ettirilgan ilovalar mikrofondan foydalana oladi, ya’ni ularga o‘zingiz ruxsat bergansiz. Ulardan qay biri shubhaliroq tuyulsa, yoki qaysidir dastur mikrofondan foydalanishi shart emas, deb hisoblasangiz – o‘shaning o‘ng tomonidagi tumbler orqali ruxsatni bekor qilasiz.

  1. Mikrofonga ruxsati bor bo‘lgan ilovalarni saralab olgach, ortga qaytib, endi «Kamera» varaqasiga o‘tasiz. Ayfonning kamerasidan foydalanishiga ruxsat berilgan ilovalar ro‘yxatini shu yerda ko‘rasiz va ortiqchasini o‘chirasz. Masalan, quyidagi suratda aks etgan ro‘yxatdagi taksi chaqirish servisining ilovasi ham kameradan foydalana olar ekan. Xo‘sh, biror nimani suratga yoki videoga olish bu ilovaga nega kerak o‘zi? Demak, u josuslik qilyapti – o‘chirib qo‘yamiz.

Shunday qilib, ortga qaytib chiqib ketamiz – endi qaysi ilovalar sizga «ko‘z-quloq bo‘lib» yurishidan xavotir olmasangiz ham bo‘ladi.

Tabiiyki, App Store’dagi birorta ham ilova foydalanuvchining ruxsatisiz uning iPhone’idagi mikrofon yoki kameradan foydalana olmaydi. Hamma gap smartfon egalarining o‘zlarida: biror ilovani o‘rnatayotganda, u ruxsat so‘ragan ro‘yxatni o‘qib ham o‘tirmasdan tasdiqlab yuboraverishadi. Shunday ekan, har gal yangi ilovadan foydalanishni boshlashdan avval uning yo‘riqnomasi bilan tanishib chiqishga odatlaning.

Darvoqe, «yashil robotchali» smartfonlar egalari bu borada xotirjam bo‘lishlariga asos yo‘q, balki hatto aksincha. Mana, masalan...

O‘QING: Facebook tan oldi: u Android-smartfonlardagi qo‘ng‘iroq va SMS-xabarlarni kuzatmoqda!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!