iPhone korpusidagi yozuv nimani anglatadi? Nega ayrimlarida bor, boshqalarida yo‘q?

iPhone korpusidagi yozuv nimani anglatadi? Nega ayrimlarida bor, boshqalarida yo‘q?

2007 yilda taqdim qilingan iPhone brendi jahon smartfon bozorining peshqadamiga aylandi. 2016 yilning iyulidayoq Apple kompaniyasi Yer yuzida milliard dona iPhone sotilganini ma’lum qilgan edi. iPhone smartfonlari ko‘pchilikning hayotini qulaylashtirgan, muhim bo‘lagi bo‘la olgan yaqin ko‘makchiga aylandi.

Time jurnali tomonidan joriy haftada e’lon qilingan “Barcha davrlarning 50 ta muhim vositalari ro‘yxati”da ham Apple iPhone 1-o‘ringa munosib ko‘rilgan. Ayfon insonning axborotga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgarishiga xizmat qilgan.

Shu kunlarda iPhone xaridorlari tomonidan tahririyatimizga turli savol hamda maslahat olish istagidagi maktublar yo‘llanmoqda. Kuni kecha bizga yetib kelgan savolda ayfonlarning orqa panellaridagi belgi qo‘yilishi yuzasidan so‘ralgan ekan.

"Nega ayrim iPhone 8 va iPhone X modellarining orqa panelidagi iPhone yozuvi ostida hech narsa yo‘q hamda ayrim ayfonlarda bu yozuvning ostida avvalgi ayfonlardagi kabi marka belgilari tushirilgan?"

Quyida bu haqida tushuntirish beramiz.

iPhone orqa panelidagi bunday marka belgilari AQSh, Kanada va Yevropa davlatlaridagi talab asosida qo‘yiladi. Ya’ni, orqa paneliga yozuv tushirilgan iPhone 8 hamda iPhone X o‘zi sotishga mo‘ljallangan hududni anglatadi. O‘z navbatida, bu belgilarning har birining o‘ziga xos ma’nolari mavjud.

Odatda ba’zi iPhone modellarini orqa panelida turli yozuvlar va belgilar bo‘ladi. "Apple tomonidan ishlab chiqilgan", "Xitoyda yig‘ilgan" kabi yozuvlardan tashqari, orqa paneldagi belgilar iPhone gadjeti mobil va simsiz aloqaning turli chastota spektrlarida ishlashga mo‘ljallangani va xavfsizlik talablariga javob berishini anglatadi.

Misol uchun, "FCC" yoki " FCC ID" belgisi bu ayfon AQSh Kommunikatsiya kommisiyasidan guvohnoma olganini va bu model mamlakat kommunikatsiya tarmoqlariga muvofiqligini ko‘rsatadi.

Ayfon orqa panelidagi yana bir ramz -- ustiga X belgisi tortilgan axlat idishi. Bu belgi Yevropa Ittifoqi talablariga asosan qo‘yilgan va ayfon akkumulyatorini do‘stona yo‘llar bilan tugatish zarurligi, uni tabiatga yoki axlatga tashlab yuborish mumkin emasligini bildiradi.

Yana bir belgi -- "CE" yozuvidir. "Conformité Européene" birikmasi qisqartmasi bo‘lgan bu belgi ayfonning Yevropa Ittifoqida sotilishiga ruxsat berilganini anglatadi.

"CE" belgisidan keyinda turgan raqamlar ishlab chiqaruvchining Yevropa Ittifoqidagi tegishli organning guvohnomasini olganini bildiradi. Misol uchun, "0682" raqami ayfon Germanining "Cetecom ICT Services" firmasi tomonidan akkreditatsiya qilinganini anglatadi.

Dumaloq ichidagi undov belgisi esa gadjetning Yevropa Ittifoqidagi barcha aloqa tarmoqlariga ham mos kelavermasligini anglatadi. Yevropada hududdan kelib chiqib, turli chastota polosalari cheklangan bo‘ladi. Misol uchun, Fransiyada 2,4 GGs va 2,454 GGs oralig‘idagi chastotalardan foydalanish mumkin.

Ayfon aloqaning bir nechta chastota polosalari bilan uyg‘un holatda ishlamaydi. Shu bois ham undov belgisi alohida ko‘rsatib qo‘yilgan. Bu degani uni xarid qilishdan avval chastota polosasiga muvofiqligini tekshirib ko‘rish kerak.

"IC ID" belgisi esa "Industry Canada Identification" ma’nosini beradi. Bu degani -- mazkur belgi tushirilgan ayfon I darajali devayslar sirasiga kiradi va bir nechta radiodiapazonlarda ishlaydi. Misol uchun, mobil telefon 824 MGs va 849 MGs polosalari oralig‘idagi chastotalarda ishlashi va standart 30 kGs kanal o‘lchamida ma’lumot uzatishi lozim.

iPhone'ning hududga muvofiqligi haqida qolgan barcha ma’lumotlarni undagi "Sozlamalar menyusi" (General > About > Regulatory) orqali bilib olish mumkin.

Aytmoqchimizki, narxi arzon ekan deb duch kelgan smartfonni xarid qilmang va undagi yozuvlarga diqqat qiling, hududdagi aloqa tarmoqlariga muvofiqligini tekshirib ko‘ring.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!