iPhone’lar endi 4G tarmoqlarida Android-smartfonlardan ikki karragacha sekin ishlaydi

  •   DiMaX
  •  1170
  •  26.07.2018 12:58

iPhone’lar endi 4G tarmoqlarida Android-smartfonlardan ikki karragacha sekin ishlaydi

Apple’ning yangi avlod smartfonlari taqdimotiga hali bir yarim oycha vaqt bor. Ammo bu iPhone’lar to‘rtinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ida ishlash tezligi bo‘yicha «yashil robotchali» zamonaviy smartfonlardan ortda qolishi hozirdanoq ma’lum bo‘ldi.

O‘QING: Apple smartfonlari Android'lardan qancha oldinda?

Bularning bari kupertinolik gigant hamda Qualcomm o‘rtasidagi sudlashuv jarayoni cho‘zilib ketgani bilan bog‘liq. Ushbu mojarolar sababli Apple o‘z smartfonlarida bu kompaniyaning 4G-modemlarini qo‘llashdan voz kechdi.

Yangi avlod iPhone’larda endi qanday modemlar qo‘llanishini ayni damda Apple ham, Qualcomm ham aytmayapti. Ammo kuzatuvchilarning ishonch bilan ta’kidlashlariga ko‘ra, kupertinoliklar bu borada Intel mahsulotlariga suyanishadi.

O‘QING: Qualcomm g‘iromlikda gumonlanmoqda: raqobatchilarni sindirish uchun narxlar atay tushirilgan

Bundan bir necha kun avval Qualcomm hamda Speedtest.com ma’lumot uzatish tezligi bo‘yicha o‘tkazilgan sinov natijalarini e’lon qilishgan edi. Unga ko‘ra, Qualcomm Snapdragon 845 protsessorli Android-smartfonlarning 4G tarmoqlarida ishlash tezligi Intel XMM 7480 hamda Intel XMM 7360 modemlariga ega qurilmalarga nisbatan ancha katta.

O‘lchash ishlari T-Mobile hamda AT&T operatorlari tarmoqlarida olib borilgan. To‘rtinchi avlod aloqa tarmog‘ida ma’lumot yuklash tezligi bo‘yicha Qualcomm modemiga ega gadjetlar Intel modemli devayslardan 60 foizga oldinda ekan. Signal darajasi past bo‘lgan sharoitlarda esa oradagi farq hatto 200 foizga yaqinlashib boradi! Bu esa, yangi avlod ayfonlar Snapdragon 845 chipiga ega smartfonlardan salkam ikki baravar sekin ishlaydi, deganidir...

Bu boradagi yangiliklarni birga kuzatamiz, bizdan uzoqlashmang.

O‘QING: Bo‘lajak iPhone'da bu texnologiya 10 karra tezkor bo‘ladi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.