iPhone’ning keraksiz ilovalaridan Donald Tramp uslubida qutulamiz!

  •   DiMaX
  •  1355
  •  06.09.2017 16:43

iPhone’ning keraksiz ilovalaridan Donald Tramp uslubida qutulamiz!

AQSh prezidenti Donald Trampning smartfonida bittagina dastur – Twitter mobil ilovasi borligi shu yil bahorda ma’lum bo‘lgan edi. O‘shanda bu xabarni ko‘pchilik oddiy holdek qabul qilgan.

Buning sabablari bor, albatta. Avvalo, shunday davlat rahbarining o‘z vaqtini smartfondagi ilovalar bilan o‘tkazishdan ko‘ra muhimroq ishlari borligi turgan gap. Qolaversa, New York Times jurnalistlarining aniqlashlaricha, AQSh prezidenti smartfonida hatto odatiy – iPhone’ga zavodning o‘zidayoq o‘rnatiladigan standart veb-brauzerdan foydalanish imkoniyatidan ham mahrum ekan. Shuningdek, Donald Tramp umuman noutbuk ham ishlatmasligi ma’lum bo‘lgan.

Ammo o‘ylab qarasak, iPhone’larda standart ilovalarni o‘chirib tashlash imkoni yo‘q-ku, qanaqasiga Trampning ayfonida boshqa ilova bo‘lmasligi mumkin? Bu borada ko‘pchilik: «Ehtimol, Apple kompaniyasi AQSh prezidenti uchun eksklyuziv tarzda bittagina ilovasi mavjud bo‘lgan yagona nusxadagi smartfon taqdim etgandir», deb o‘ylab qo‘yavergan.

Aslida esa aslo unaqa emas. Garchi o‘z qurilmalaridagi ilovalarga foydalanuvchilarning aralashuvini Apple uncha yoqtirmasa-da, hatto siz ham smartfoningizni Safari, FaceTime yoki iMessage kabi o‘chirib bo‘lmas ilovalardan tozalay olasiz! Buning sirini AppleInsider sayti o‘z muxlislari bilan baham ko‘rgan.

Keling, iPhone’ingizni keraksiz, ammo qaysar ilovalardan Donald Tramp uslubida tozalashni birgalikda ko‘rib chiqamiz.

Buning uchun undagi «Sozlamalar», ya’ni «Nastroyki»ga kirib, «Asosiylari» – «Osnovnie» bo‘limidagi «Cheklovlar» – «Ogranicheniya»ni ochasiz.

Agarda smartfoningizda Cheklovlar oldindan o‘rnatilgan bo‘lsa, uning parolini kiritasiz. Bordiyu avval o‘rnatilmagan bo‘lsa, u holda varaqani ochib, yangi cheklov o‘rnatasiz.

Ochilgan sahifada siz kirishni cheklash mumkin bo‘lgan ilovalar ro‘yxatini ko‘rasiz. Buning uchun tegishli ilova ro‘parasidagi – surish yordamida o‘chirib-yoqiladigan faollashtirish tugmachasini «O‘chiq» («Vikl.») holatiga keltirsangiz kifoya.

Shu tariqa, keraksiz ilovalarni o‘chirib qo‘ysangiz, ular ayfonning ish stolida ko‘rinib turmaydi va fon rejimida ishlashdan ham to‘xtaydi.

Ularni yana o‘z holiga keltirish uchun esa, yuqorida tasvirlangan amallarni teskarisiga bajarsangiz bo‘lgani – olam guliston!

Xo‘sh, Donald Tramp uslubi sizga yoqdimi? Do‘stlaringiz bilan baham ko‘rishni unutmang!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!