iPhone SE (2020) taqdim qilindi

iPhone SE (2020) taqdim qilindi

Apple 15 aprel kuni o‘zining arzonroq iPhone'ini hech qanday yig‘ilish va tantanali marosimlarsiz taqdim qildi.

Ikkinchi avlod iPhone SE'si 2016 yilda taqdim qilingan iPhone SE bilan bir xil nomlangan. Qurilma narxi 399 AQSh dollari bo‘lib, oldindan buyurtmalar juma kunidan boshlanadi, xaridlar 24 apreldan mijozlarga yetkazib beriladi.

Ushbu smartfon Apple uchun murakkab bir vaziyatda taqdim qilindi. Koronavirus sabab Xitoydagi talabning kuchsizligi hamda ta’minotning yaxshi emasligi sabab fevral oyida kompaniya ikkinchi chorakdagi daromadlar pasayishi haqida ma’lum qilgandi. Ammo kupertinoliklar yangi iPhone SE'ga bo‘lgan talab borasida o‘zlariga ishongan ko‘rinadi.

Yangi smartfonning ichki apparat ta’minoti iPhone 11 va iPhone 11 Pro'niki bilan bir xil, ammo korpus dizayni 2017 yilgi iPhone 8'nikiga o‘xshash. iPhone SE (2020) da Apple'dagilar iPhone 8 dizaynidan foydalangan bo‘lsa-da, devaysning boshqa jihatlari, jumladan, ekran va protsessorni takomillashtirgan. Natijada o‘ta qimmat iPhone smartfon sotib olishni xohlamaydiganlar uchun ajoyib mahsulot paydo bo‘lgan. Ma’lumot uchun, iPhone 11 699 dollar, iPhone 11 Pro 999 dollardan boshlab sotiladi. Apple yangi iPhone SE borasida qo‘llagan strategiya, aslida, original iPhone SE'da ham qo‘llanilgan, ya’ni birinchi avlod iPhone SE dizayni iPhone 5'niki bilan bir xil edi.

Ayni damda Apple'ning aksariyat do‘konlari karantin sabab yopiq bo‘lgani bois iPhone SE'ni xarid qilishdan oldin ishlatib ko‘rish imkoni yo‘q. Lekin bunga hojat ham yo‘q, aslida. iPhone 8'ni ko‘rganmisiz? Bu xuddi 449 dollarlik iPhone 8'ga o‘xshagan, faqat yaxshiroq telefon. Darvoqe, Apple endi iPhone 8'ni ishlab chiqarishni to‘xtatadi.

iPhone 11'ga qo‘yilgan Apple A13 protsessori iPhone SE'da ham ishlatilgan. Bu esa ikkinchi avlod iPhone SE'da birinchi avlodga qaraganda portret va HDR'ga ega yaxshiroq kamera ham bo‘ladi, deganidir. HDR rasmlardagi qorong‘u yoki o‘ta yorqin maydonlarning aniqroq chiqishini ta’minlaydi. Portret rejimi esa (iPhone 8'da ham portret rejimi bor edi) yuzning chetlarini blur qilish imkonini beradi.

iPhone 8'da bo‘lgan va yangi iPhone SE'ga ham o‘rnatilgan boshqa jihatlarga simsiz quvvatlash, Touch ID'li uy ekrani tugmasi, suv va changga chidamlilikning IP67 darajasi kiradi. Yangi xususiyatlar esa soniyasiga 60 ta kadr olish imkoniga ega 4K video, videolarda stereo ovoz, stabillashtirilgan video va portret rejimiga ega selfi kamera hamda 18 vatt tezkor quvvatlash imkonidan iborat. Audio jek esa yo‘q. Quloqchindan foydalanish uchun maxsus dongl (adapter) dan foydalanish kerak.

Bazaviy modelda doimiy xotira sig‘imi 64GB bo‘ladi. Ammo 449 dollarga 128GBlik talqinni, 549 dollarga esa 256GBlik iPhone SE xarid qilishingiz mumkin.

Yangi iPhone SE'ni sotib olsangiz Apple TV+ xizmatidan bir yil bepul foydalanasiz.

O‘QING: «Jonli» test videosi: qaysi iPhone quvvati eng ko‘pga yetadi?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!