iPhone SE 4 ilk marotaba sifatli renderlarda ko'rsatildi

iPhone SE 4 ilk marotaba sifatli renderlarda ko'rsatildi

Apple o'zining iPhone SE smartfonlarini avvalgi flagmanlari dizaynida chiqarishga odatlangan. Masalan, ilk iPhone SE modeli 2016-yilda iPhone 5 dizaynida, orada bir necha yil pauza bo'lganidan keyin esa, 2020-yilda ikkinchi avlod iPhone SE modeli iPhone 7 dizaynida, undan so'ng 2022-yilda uchinchi avlod iPhone SE esa iPhone 8 dizaynida chiqarilgan. Navbat iPhone X'ning tirqishli dizayn erasiga.

Apple'ning navbatdagi to'rtinchi avlod iPhone SE smartfoni ilk marotaba sifatli renderlarda ko'rsatildi. YouTuber Jon Prosserning sirli manbalari ulashgan ma'lumotlarga asoslanib, Ian Zelbo tomonidan tayyorlangan renderlar iPhone SE 4'da bo'ladigan katta dizayn o'zgarishlari haqidagi avvalgi mish-mishlarni tasdiqlaydi.

Renderlardan ko'rish mumkinki, iPhone SE'ning yangi versiyasidan "Home" tugmasi olib tashlangan. Shuningdek, uning old kamerasi iPhone X'da bo'lgani kabi katta tirqish dizayniga ega. Ammo, shuni ta'kidlash kerakki, iPhone SE byudjet model bo'lgani sabab, Apple smartfon narxini oshirmaslik uchun uni FaceID bilan jihozlamasligi mumkin va bunda yangi iPhone SE tirqishi sezilarli darajada kichik bo'lishi mumkin.

Bo'lajak smartfonning orqa tomoni esa bir qarashda iPhone XR'ni eslatib yuboradi, yoxud iPhone SE 4 asosiy kamerasi va LED chirog'i bu safar pastka qarab tushirilgan, yon tomonlama joylanmagan. 

Yangi smartfonda Home tugmasining olib tashlanishi, barmoq izini aniqlaydigan skaner bilan ham "xayrlarshish"ni anglatadi. Biroq uzunquloq xabarlariga ko'ra, Apple navbatdagi iPhone SE'da ham Touch ID'ni saqlab qolishi, uni iPad Air va iPad mini'da bo‘lgani kabi yon tugmaga integratsiya qilishi ham mumkin.

Hozirda qurilma texnik xususiyatlari haqida biron nima deyish qiyin, chunki iPhone SE 4 keyingi yili emas, 2024-yilda chiqarilishi kutilmoqda.

O'QING: Xiaomi 13 bu safar kumush rangda qo‘lga tushdi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!