iPhone SE “ijodi”ga mansub ilk 7 ta taassurotli surat

iPhone SE “ijodi”ga mansub ilk 7 ta taassurotli surat

 

Yirik diagonalli smartfonlar urfga kirayotgan bir paytda, jajji iPhone SE ayfonini taqdim qilgan Apple’ning jasoratiga qoyil qolmasdan iloj yo‘q.

Apple’ning flagman protsessoriga ega iPhone SE 4K videotasvir yoza oladigan, sifatli surat olish iste’dodiga ega o‘tkir nigohli smartfondir.

Apple kompaniyasi iPhone SE’da oldingi avlod kameralariga qaraganda takomillashtirilgan yangi jihatlarni joriy qilishga erishgan. Xususan,  1,22 mikron piksel hajmli, f/2,2 diafragmali 12 megapikselli kamera fotosurat ishqibozlari uchun ayni muddao.

Yangi kamerada tatbiq qilingan asosiy va ikkinchi darajali piksellarni bir-biridan farqlash texnologiyasi xira soya va ortiqcha yorug‘likning bartarab bo‘lishini va suratning aniqligini ta’minlagan.

Ahamiyatli jihati shundaki, iPhone SE kamerasida suratni qayta ishlaydigan maxsus qo‘shimcha protsessor mavjud. Ushbu protsessordagi Focus Pixels texnologiyasi tasvirdagi piksellar mutanosibligini sozlaydi, ularning uyg‘un ravishda birikishiga xizmat qiladi va suratning optik barqarorligini ta’minlaydi.

iPhone SE kamerasini sinovdan o‘tkazish jarayonida ko‘pchilik uning sifatli suratlarini e’tirof etgan. Hatto uning kamerasiga nisbatan “manzaraga tutilgan ko‘zgu” deya hazil tariqasidagi maqtov ham ishlatilmoqda.

Birgina kamchilik – kameradagi optik barqarorlik bir oz kuchsiz ekanligi aytilmoqda. Lekin, bu “ojizlik” aksariyat vaziyatda olingan suratlarda ko‘zga tashlanmaydi.

Misol uchun, Time jurnali fotografi  Benjamin Louining qayd etishicha, ixcham ayfonda olingan suratlardagi ranglar uyg‘unligi, detallarning yorqinligi yuqori darajada ekan.

iPhone SE kamerasida olingan 4K formatidagi yuqori sifatli videoni Apple A9 protsessori yordamida real vaqt jarayonida tahrir qilish, videotasvir kadrini 4 marotaba yaqinlashtirish, undan 1080p formatidagi yorqin suratni saqlab olish mumkin.

Quyida sizga MacDigger internet nashri tomonidan tayyorlangan, iPhone SE’da olingan, uning imkoniyatini namoyish qilgan suratlarni taqdim qilamiz.