iPhone SE sotib olishga yo‘l qo‘ymasligi mumkin bo‘lgan 5 ta sabab

iPhone SE sotib olishga yo‘l qo‘ymasligi mumkin bo‘lgan 5 ta sabab

Apple’ning iPhone SE mini-flagmanining o‘ziga xosliklari haqida batafsil gapirib o‘tdik. Quyida esa tahlilchi va ekpertlarning mazkur gadjetga bozorda ommalashishiga to‘siq bo‘lishi mumkin bo‘lgan taxminiy fikrlarini taqdim qilamiz.

Dizayn

iPhone SE’ni sotib olmaslikning birinchi sababi sifatida uning ko‘rinishi iPhone 5s’ga o‘xshab ishlangani aytilmoqda. iPhone 5s’ning tashqi ko‘rinishi esa 2012 yilda taqdim etilgan iPhone 5’dan olingan.

Ko‘pchilik taqdimotga qadar ilgari surilgan nomdagi o‘zgarishdan katta umid qilgan edi. Uning nomidagi «SE» qo‘shimchasini special edition, ya’ni “maxsus talqin” deb tarjima qilish mumkin. Ammo bu maxsus talqin kutilmaganda eskicha dizayndagi qiyofani boshlab keldi.

Apple’ning imkoniyatlarini hisobga olib, aytish mumkinki, u yangicha dizayndagi smartfonni taqdim etgani maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Jimitdakkina ekran

iPhone SE’ni sotib olmaslikning navbatdagi sababi kichik hajmli ekrani bo‘lishi mumkin. Ommaviy axborot vositalarining qayd etishicha, 5,5 hamda 4,7 dyuymli ayfonlarga o‘rganib qolgan “eplchi” muxlislarni endi 4 dyuymli ekranga qaytarish juda qiyin kechishi mumkin.

Boisi ko‘zi yirik displeylarga o‘rgangan foydalanuvchilarning kichik hajmli monitorda matn o‘qishi yoki tasvir ko‘rishi u qadar ham qulay emasdek.

Texnik xususiyatlari

Smartfon tanlayotgan xaridorni ayfon olish fikridan qaytarishi mumkin bo‘lgan yana bir sabab – qurilmaning texnik imkoniyatlari bo‘lishi mumkin.

Xususan, mobil aloqa vositasining 4 dyuymli ekranining piksel sig‘imi 1136 x 640 belgiga teng. Ya’ni, hatto tasvir uzatish imkoni HD formati darajasida ham emas.

Shu bilan birga, 16 GB qo‘shimcha xotirani kengaytirish imkoni yo‘q. Smartfonning 64 GB talqini esa deyarli 150 dollar qimmatroq turadi.

Narx-navo

Garchi, Apple kompaniyasi qurilma bahosini $399 dollar deb e’lon qilgan bo‘lsa ham, bizning mintaqamizga qadar mazkur gadjetning bahosi 500 AQSh dollaridan yuqori narxda yetib kelishi kutilmoqda. Bu narxda esa ekran diagonali 5.7 dyuym, piksel sig‘imi 2560 x 1440 belgi, bosh kamera 12.3MP, UHD (3840x2160 belgi) video formatida tasvir ko‘rish mumkin bo‘lgan Nexus 6P flagmanini sotib olish mumkin. 

«O‘zgacha»likning yo‘qligi

So‘nggi sabab esa, unchalik ham e’tiborga loyiq emas. Ya’ni, bu – mahsulotning jozibadorligi yoki nufuzi. Analitiklarning qayd qilishicha,  iPhone SE jihatlari uning “ikkinchi navli” smartfonlar darajasiga mansubligini ko‘rsatmoqda.

Aniqrog‘i, uni tutgan foydalanuvchida o‘zgacha bir smartfon egasi ekanligini his qilish tuyg‘usi bo‘lmaydi. Bu esa boshqalardan ajralib turishni istaydigan ayfon ishqibozlariga xos juda muhim talablardan biridir.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.