iPhone sotishdagi eng keng tarqalgan aldovlar va ularga aldanmaslik yo‘llari

  •   DiMaX
  •  8756
  •  22.04.2017 15:41

iPhone sotishdagi eng keng tarqalgan aldovlar va ularga aldanmaslik yo‘llari

Apple texnikalari hatto foydalanilganidan keyin ham xarid qilsa bo‘laveradigan mahsulotlar sirasiga kiradi. iPhone’larga hamisha xaridor topiladi, chunki ikkilamchi bozorda ham o‘z narxini sekinlik bilan yo‘qotadi.

Jumladan:

  • 2 yil avval sotib olingan iPhone o‘zining atigi 30% gacha narxini yo‘qotadi;
  • 1 yil oldin xarid qilingan iPhone o‘z narxining 15% gacha qismini yo‘qotadi;
  • 5 yil avvalgi iPhone’ni hamisha ehtiyot qismlar sifatida sotib yuborish imkoni bo‘ladi.

Biroq ikkilamchi bozorda savdo aylanmasi kattaligi hamisha firibgarlarni ham o‘ziga jalb etib keladi. Ular texnika jihozlarini ham, savdo usullarini ham yaxshi o‘rganib, tobora ustamon bo‘lib borishayotir.

DamProdam.ru e’lonlar sayti ekspertlari 6 oy ichidagi 2000 ga yaqin e’lonlarni tahlil etib chiqishdi va xaridorni aldashning bir nechta ommalashgan usullari mavjudligini aniqlashdi. Quyida shu aldov usullarini ko‘rsatamiz hamda ularga aldanib qolmaslik yo‘llarini tushuntiramiz.

1. Eski iPhone’ni jelbreyk yordamida yangi avlod modeli sifatida taqdim etishadi

Bu – mana shu o‘tgan qish oylarida ommalashgan, yangi uslub. iPhone 5s (2013) va iPhone 5 (2012) modellarini iPhone SE (2015) deb – ikki karra qimmatroqqa sotishadi. Buning uchun iPhone proshivkasini buzishadi, undagi qurilma haqidagi ma’lumotlarni yangi iPhone SE deb o‘zgartirib qo‘yishadi.

Keyin esa uning qismlarini yangi iPhone SE korpusiga joylashadi, u ko‘pincha «kitayskiy» bo‘ladi. Ikkilamchi bozorda bunga aldanib xarid qiluvchilar hamisha topiladi.

Bunday firibgarlik qurboni bo‘lmaslik uchun, savdo jarayonining o‘zidayoq tizimning barcha sozlamalarini to‘liq dastlabki holiga qaytarish hamda model raqamini yaxshilab tekshirish lozim.

2. Ichki qismlarining 85 foizi qalbaki bo‘lgan iPhone sotishadi

Odatda, bunday ehtiyot qismlarini Xitoyda, AliExpress singari savdo maydonlarida sotib olishadi. Yoki bo‘lmasa, servis markazlaridan xarid qilishadi – ularda sobiq mijozlarning qurilmalarida yaroqsiz chiqqan qismlarni almashtirib berilgach, qolib ketgan o‘sha brak qismlarni sotib olishadi.

Xaridor nuqtai nazaridan, bunday qo‘lbola iPhone o‘ta xavfli – u tez buziladi. Yana qo‘lda yig‘ilgan qurilmaning mexanik sifati ham fabrikada terilgan haqiqiy devaysdagidek bo‘lmaydi. Va eng yomon taraflaridan biri – servis markazlarida ta’mirlatish jarayonida oldingi ustaning ishidagi nuqson chiqib qolsa, uning uchun mas’uliyatni hech kim bo‘yniga olmaydi.

Bunday holatga tushmaslik uchun, hamisha xarid oldidan qurilmani erinmasdan, kerak bo‘lsa – bitishuv joylarini, ochiladigan joylarini lupa bilan sinchiklab tekshirish kerak.

3. Bloklanib qolgan iPhone’ni sotmoqchi bo‘lishadi

Ko‘pincha shunday bo‘ladi – taklif etilayotgan smartfon bloklangan, uni ochishni esa sotuvchi bilmaydi. U buni ko‘pincha mana bu ikkita variantdan biri bilan izohlaydi:

  •  «Apple akkauntimning parolini unutib qo‘ydim»
  •  «Smartfonimni buzib, bloklab qo‘yishibdi, endi nima qilishni bilmayapman»

Ko‘pincha bunday iPhone’lar aslida o‘g‘irlangan va haqiqiy egasi ularni masofadan turib bloklagan bo‘ladi. Ularni endi, to haqiqiy egasining parolini bilmaguncha blokdan chiqarib, qayta proshivkalab, umuman, hech narsaga ishlatib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham bunaqa o‘g‘irlangan smartfonlarni firibgarlar faqat ehtiyot qismlar sifatida sotishlari mumkin.

Bundaylarga aldanmaslik uchun, hech qachon bloklangan iPhone xarid qilmang!

4. Ishlatilgan iPhone’ni yangi, deb sotishga urinishadi

Bilasizki, iPhone’ning o‘zi ham, uning qutisi ham zavoddayoq maxsus plyonkaga o‘rab chiqariladi. Xaridor mahsulotning originalligiga ishonch hosil qilish uchun, bu o‘ramni o‘zi yirtib ochishi kerak.

Ishlatilgan iPhone’ni yangi, deb sotish uchun firibgarlar o‘rash stanoklarida qurilmaning o‘zini ham, qutisini ham o‘rab olishadi. Shuningdek, ular iPhone uchun yangi, xuddi originalidagidek quti buyurtma qilib olishlari ham mumkin. Bu, asosan, haqiqiy qutisi yo‘qolgan hollarda qilinadi.

Shunday aldovlarga uchmaslik uchun, o‘ram plyonkasini sinchiklab tekshiring, uni do‘kondagi ishonchlilari bilan solishtirib ko‘ring.

Xullas, iPhone xarid qilayotib aldanib qolmaslik uchun, quyidagi tavsiyalarga albatta amal qiling:

  1. Hamisha o‘ramni ochib va har qanday plyonkasini olib tashlab tekshiring;
  2. Ko‘z oldingizda tizim sozlamalarini to‘liq dastlabki holatiga qaytarishlarini talab eting;
  3. Qurilmadagi, proshivkadagi va qutidagi seriya raqamlarini o‘zaro solishtiring – ular bir xil bo‘lishi shart;
  4. iPhone’ning o‘zida ochilganligi belgilari bor-yo‘qligini tekshiring, ayniqsa murvat (bolt)larini;
  5. Qurilma iCloud’ga va Apple akkauntiga bog‘lanmaganligiga ishonch hosil qiling;
  6. Jamlanmani tekshiring: quvvatlash qurilmasi, kabel va quloqchinlar original bo‘lishi shart.

Xullas, iPhone’ni o‘zimizdagi do‘konlardan olasizmi, yoki onlayn-do‘konlardan buyurtma berasizmi – hamisha sinchiklab tekshirib olish zarar qilmaydi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!