iPhone va iPad’da bolaning nobop saytlarga kirishini cheklaymiz

  •   DiMaX
  •  827
  •  12.01.2018 15:14

iPhone va iPad’da bolaning nobop saytlarga kirishini cheklaymiz

Apple kompaniyasi yaqinda o‘zining iOS mobil operatsion tizimiga ota-onalar nazorati uchun qo‘shimcha jihozlarni tatbiq etishga va’da berdi. Biroq farzandiga «tishlangan olmali» telefon yoki planshet olib bergan ota-onalar ungacha ham ayrim cheklovlarni o‘zlari o‘rnatishlari mumkin.

O‘QING: Bolalarni internetdagi xavflardan qanday himoya qilish mumkin?

Jumladan, bola bilib-bilmay «kattalarga mo‘ljallangan» saytlarga kirib ketishining oldini olish uchun qurilmaning sozlamalarida ayrim o‘zgarishlarni amalga oshirish yetarli. Buning uchun iPhone yoki iPad’da quyidagilarni bajarish lozim:

1-qadam. Qurilmaning «Sozlamalar»i – «Nastroyki» menyusidagi «Asosiylari», ya’ni «Osnovnie» bo‘limiga o‘tib, «Cheklovlar» («Ogranicheniya») bandiga kirasiz.

2-qadam. Shu joydagi «Cheklovni yoqish» «Vklyuchit Ogranicheniya»ni bosib, mazkur menyuga kirishini cheklovchi parolni o‘rnatasiz. Agarda cheklovlar paroli avvalroq o‘rnatilgan bo‘lsa, o‘shani terishning o‘zi kifoya.

3-qadam. Endi ruxsat etilgan kontentga ega saytlarni belgilash uchun «Razreshenniy kontent» bo‘limiga kirib, «Veb-sayti» bandini tanlaysiz.

4-qadam. Shu joyidagi «Limit kontenta dlya vzroslix» bandiga belgicha qo‘yib qo‘yasiz, bu parametr Safari brauzerida «kattalarga mo‘ljallangan» saytlarning ochilishini cheklaydi. Xuddi shu menyuning o‘zida siz yana, taqiqlangan saytlar ro‘yxatiga o‘zingiz biror saytni kiritishingiz ham mumkin. Buning uchun, hech qachon ruxsat etilmaydigan saytlar – «Ne razreshat nikogda» bo‘limiga kirib, unga sayt qo‘shish uchun «Dobavit sayt» tugmachasini bosasiz. Ochilgan maydonchaga o‘sha – bolangiz kirmasligi kerak bo‘lgan sayt manzilini kiritib qo‘yasiz.

Bo‘ldi, tayyor! Shu oddiy usul bilan farzandlaringizning o‘z iPhone yoki iPad’i orqali nobop saytlarga kirishini cheklab qo‘ysangiz, olam guliston.

O‘QING: Nega bolaning gadjetlar bilan o‘tkazadigan vaqtini cheklash kerak?