iPhone va iPad egalari diqqatiga: firibgarlar aldovning yangi yo‘lini topishdi!

  •   DiMaX
  •  1374
  •  17.07.2017 16:48

iPhone va iPad egalari diqqatiga: firibgarlar aldovning yangi yo‘lini topishdi!

ESET kompaniyasi iOS-qurilmalar foydalanuvchilarini firibgarlikning yangi usuli topilganligidan ogohlantirdi. Kiberjinoyatchilar iTunes’dagi aslida amalga oshirilmagan xarid haqida xabarlar tarqatishadi hamda bank kartalari ma’lumotlari va boshqa shaxsiy ma’lumotlarni yig‘ib olishadi. Bu to‘g‘rida MacDigger sayti xabar berayotir.

Bunda potensial qurbonga onlayn-do‘kon nomidan elektron maktub keladi; unda shu foydalanuvchining Apple ID akkaunti boshqa bir qurilmada Riannaning musiqiy albomini xarid qilish uchun ishlatilganligi xabar qilingan bo‘ladi. Mazkur xaridni tasdiqlash uchun shu xabarga e’tibor bermaslik, xaridni rad etish uchun esa keltirilgan  havola bo‘yicha o‘tib, tranzaksiyani bekor qilish taklif etiladi.

Foydalanuvchi aksariyat hollarda xat matnidagi grammatik xatolarga hamda uni yuboruvchining manzili Apple’ga umuman aloqador emasligiga qarab o‘tirmaydi. U xaridni bekor qilishga shoshiladi va firibgarlarga ishonib, havola bo‘yicha fishing saytiga o‘tadi. U yerga o‘tganlardan esa o‘z Apple ID hamda uning parolini kiritish so‘raladi. Shuningdek, «o‘z shaxsini tasdiqlash uchun» anketani (FIO, telefon, pochta manzili, tug‘ilgan sanasi, bank kartalari ma’lumotlari) to‘ldirishlari ham talab etiladi.

Sahifada tegishli maydonchalarga kerakli ma’lumotlar kiritilgach, akkaunt tekshiruvdan muvaffaqiyatli o‘tganligi to‘g‘risida xabar paydo bo‘ladi. Keyin foydalanuvchini haqiqiy iTunes Store bosh sahifasiga yo‘llashadi, uning shaxsiy ma’lumotlari esa allaqachon firibgarlarning qo‘liga o‘tib bo‘lgan bo‘ladi.

Mutaxassislar spam-tarqatmalarga e’tibor bermaslikni hamda antispam va antifishing funksiyalari ham mavjud bo‘lgan majmuaviy antivirus mahsulotlaridan foydalanishni tavsiya etishmoqda.

Eslatib o‘tamiz, fishing haqida mana bu maqolamizda, antiviruslarning vazifasiga ko‘ra turlari xususida mana bu yerda, Android uchun eng zo‘r antiviruslar to‘g‘risida esa mana bu joyda ma’lumotlar berganmiz.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!