iPhone va iPad’larga sun’iy ong uchun alohida chip yaratilmoqda

  •   DiMaX
  •  963
  •  29.05.2017 16:46

iPhone va iPad’larga sun’iy ong uchun alohida chip yaratilmoqda

iPhone 5s va iPad Air modellaridan boshlab, Apple o‘z smartfonlari va planshetlariga harakat datchiklaridan olingan ma’lumotlarni qayta ishlash uchun qo‘shimcha protsessor qo‘yib kelmoqda. Kompaniyaning bo‘lajak qurilmalarida esa, sun’iy ong bilan bog‘liq vazifalarning tezkorlikda bajarilishini ta’minlash uchun yana bitta qo‘shimcha chip paydo bo‘lishi mumkin. Mazkur ishlanma hozircha Apple Neural Engine kodli nomi bilan ma’lum, deb yozadi Bloomberg.

Manbaning xabar berishicha, Neural Engine fotosuratlardagi yuzlarni tanib olish, nutqni tahlil etish, klaviaturada terishda so‘zlarni oldindan taxmin qilish kabi funksiyalar uchun mas’ul bo‘ladi. Hozirda esa bu kabi operatsiyalarning bajarilishi protsessor va grafik tezlatgichning zimmasida. Yangi mikrosxema ularni muayyan yuklamadan xalos etib, smartfon yoki planshetning quvvat sarflashini ham ma’lum darajada tejaydi.

Apple bu texnologiyasini iPhone, iPad va boshqa gadjetlariga integratsiyalashtirmoqchi. Taxminlarga ko‘ra, chet ilova ishlab chiquvchilar ham o‘z ilovalarining faoliyatida bu chipning xizmatidan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Xabarda aytilishicha, kompaniya allaqachon Neural Engine chipiga ega iPhone prototiplarini sinovdan o‘tkaza boshlagan. Ammo ular 2017 yilgi kutilayotgan modellarga joriy etiladimi yo yo‘qmi – bunisi qorong‘u. Ehtimol, yangi ishlanmani joriy yilning 5–9 iyun kunlari San-Xoseda o‘tkaziladigan WWDC 17 konferensiyasida taqdim etishar.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!