iPhone va iPad’lardagi joy muammosini iOS 11 hal etadi

  •   DiMaX
  •  1116
  •  18.07.2017 18:19

iPhone va iPad’lardagi joy muammosini iOS 11 hal etadi

Apple kompaniyasi iOS 11 operatsion tizim versiyasiga yana bitta yangilik qo‘shdi: iPhone hamda iPad’larda ma’lumotlarni boshqarish bo‘yicha tavsiyalar beriladi. Ular tufayli qurilmalar egalari qaysi ilova ko‘p joy egallaganini aniqlabgina qolmasdan, balki uning xotirasini tozalashlari ham mumkin bo‘ladi.

O‘tgan yili macOS Sierra versiyasida ham shunga o‘xshash funksiya qo‘shilgan edi: «Ushbu Mac haqida» – «Saqlash joyi» – «Boshqarish» («Ob etom Mac» – «Xraniliщye» – «Upravlyat»).

iOS 11 tizim versiyasi o‘rnatilgan iPhone yoki iPad’da esa, buning uchun «Sozlamalar» («Nastroyki»)ni ochib, keyin «iPhone saqlash joyi» («Xraniliщye iPhone») bo‘limiga o‘tishingiz kerak. Shu yerda sizga qurilmangizning xotirasini bo‘shatish bo‘yicha tavsiyalar beriladi. Yangi funksional u yoki bu ilovani oxirgi marta qachon ishlatganingizni ko‘rish imkonini beradi. Agarda biror dasturdan anchadan beri foydalanmayotgan bo‘lsangiz, balki uni o‘chirib tashlash vaqti kelgandir?

Xuddi iOS 10 versiyasida bo‘lgani kabi, iOS 11 operatsion tizim versiyasida ham biror ilova xususida batafsilroq ma’lumot olish uchun uning belgichasi ustiga bosish kerak. Ularning ayrimlarida (masalan, Safari brauzerida) ilovada to‘planib qolgan ma’lumotlarni shu ochilgan menyuning o‘zidanoq tozalab tashlash imkoni bor. Ba’zi dasturlarni esa ma’lumotlarini saqlagan holda «olib tashlash» yoki butunlay o‘chirib tashlash mumkin, xolos.

Bunda, agarda iTunes Store va App Store bo‘limida «Ishlatilmayotganlarini olib tashlash» («Sgruzit neispolzuyemoye») funksiyasi yoqilgan bo‘lsa, natijada foydalanilmayotgan ilovalar avtomatik tarzda o‘chirib tashlanadi, ammo ularning hujjatlari va ma’lumotlari saqlanib qoladi. Agarda o‘chirilgan ilovalarni App Store’dan o‘rnatib olish imkoni bo‘lsa, keyinchalik ularni «bitta chertish orqali» qaytarishingiz mumkin bo‘ladi.

Yana bitta yangi funksiya esa iPhone sozlamalarining eng pastida joylashgan. Bu – «Tizim» («Sistema») bo‘limi bo‘lib, o‘rnatilgan iOS qurilmaning xotirasida qancha joy egallaganini bilish imkonini beradi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!