Birovning iPhone X’idan hatto o‘chirib yuborilgan fotosuratlarni ham tiklab olsa bo‘lar ekan!

  •   DiMaX
  •  656
  •  15.11.2018 11:37

Birovning iPhone X’idan hatto o‘chirib yuborilgan fotosuratlarni ham tiklab olsa bo‘lar ekan!

Apple o‘z mobil qurilmalarining apparat qismidan tashqari dasturiy ta’minotini ham o‘zi ishlab chiqadi. Garchi korporatsiya ularni mustahkam muhofaza etsa-da, xakerlar baribir himoyaning zaif joylarini topishadi.

O‘QING: Xakerlar baribir Apple’dan ustun kelishdi!

Kuni kecha ikki nafar «oq» xaker – Richard Chju va Amat Kama kupertinolik gigantning bulturgi yubiley superflagmani himoyasidagi «tirqish»ni topishdi. Shu orqali ular smartfon xotirasidan o‘chirib yuborilgan suratlarni «sug‘urib» olishdi!

Gap shundaki, iOS tizimida o‘chirib tashlangan fayllar maxsus bo‘limga – Windows’dagi «Korzina» singari bir joyga tushib, u yerda 30 kungacha saqlanadi. Xakerlar esa JIT-kompilyatordagi zaiflik orqali ushbu bo‘limdagi fotosuratlarni «tortib» olishga muvaffaq bo‘lishgan.

Himoyani buzishning ushbu usulini qo‘llash uchun iPhone X’ning o‘zini qo‘lga kiritish kerak ekan. Biroq, «yaxshi» xakerlarning aytishlaricha, maxsus sozlangan routerdan foydalanib, o‘chirib tashlangan rasmlarni Wi-Fi orqali ham olish imkoni bor ekan.

Xavfsizlik masalasiga tegishli bo‘lgani bois, Richard Chju va Amat Kama himoyadagi ushbu zaiflikdan qanday foydalanishni ommaga oshkor etishmagan. Tabiiyki, iPhone X muhofazasidagi mazkur «tuynuk» haqida ular Apple’ga xabar berishgan va buning uchun 50 ming AQSh dollari miqdorida rag‘batlantirish puli olishgan.

Ellik ming dollar – chakki emas-a? Agar siz ham qiziqsangiz va qobiliyatingiz bo‘lsa, o‘rganishga kirishing!

O‘QING: «Oq xakerlik»ni o‘rganish uchun 6 ta eng yaxshi resurs

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!