iPhone X kushandasi, naq to‘rtta kamerali “topishmoq” smartfon – HTC U12+ taqdimot sanasi ma’lum!

  •   DiMaX
  •  1461
  •  04.05.2018 17:48

iPhone X kushandasi, naq to‘rtta kamerali “topishmoq” smartfon – HTC U12+ taqdimot sanasi ma’lum!

HTC kompaniyasi, nihoyat, navbatdagi flagmani – HTC U12+ smartfonining namoyish kunini rasman aytdi. Uning Twitter’dagi rasmiy sahifasida e’lon qilingan tizerga ko‘ra, mazkur gadjetni joriy yilning 23 may sanasida ko‘ramiz.

O‘QING: Ushbu beshovlon smartfon brendlari yaqin kelajakda yo‘qolib ketishi mumkin​

Ushbu tizerda kompaniya yangi flagmanining «ichki dunyosi»ni ham ko‘rsatdi va bu yerda syurprizga duch kelamiz.

«Topishmoq» smartfon

E’lon qilingan fotosuratda HTC U12+ smartfonining ichki qismlari yoyib qo‘yilgan holda ko‘rsatilgan. Unda old kameraning ham, asosiy kameraning ham qo‘shaloq ekanini – jami to‘rtta ob’yektivni payqash qiyin emas. Undagi gibrid uyachaga ikkita SIM-karta (yoki ikkinchisining o‘rniga microSD kartasi) joylash mumkin. Port esa bitta – zamonaviy USB Type-C porti.

Shu bilan birga, suratda yuqorida joy olgan mana bu ikkita qismning vazifasi noma’lum:

Bular qanaqadir optik sensorga o‘xshab ketadi – ehtimol, bu yuzni tanish tizimining apparat qismidir? Ta’kidlash kerakki, ayni damgacha bozorga taqdim etilgan smartfonlar orasida faqatgina iPhone X modelida bunaqa qism mavjud, shuningdek, «xitoycha Apple» ham navbatdagi flagmanida mazkur yechimni qo‘llashi kutilayotir.

O‘QING: Xiaomi Mi 7 ekrani suratlari chiqdi: «o‘yiq»li ekran va to‘laqonli 3D Face yuz skaneri!

«Shunchaki smartfon emas!»

HTC’ning o‘zi ta’kidlashicha, uning yangi qurilmasi – shunchaki xususiyatlar ko‘ra kattaroq narsa:

Nimalari ma’lum o‘zi?

Hozirgacha tarqalgan gap-so‘zlarga qaraganda, HTC U12+ flagmani diagonaliga 6 dyuymlik cho‘zinchoq displeyga ega. Uning ishlash samaradorligini eng ilg‘or Snapdragon 845 protsessori hamda 6/8 gigabaytlik tezkor xotira ta’minlab beradi.

Quyida bu smartfonning «jonli» suratini ko‘ramiz:

Smartfonning asosiy kamerasi 12+16 megapiksellik modullardan iborat (lekin ikkinchi moduli ham 12 megapikselli bo‘lishi mumkin). Selfi-kamerasi bo‘lsa 8+8 megapikselli datchiklarni o‘z ichiga olgan. Uning akkumulyatori 3400 mA/soatlik tok sig‘imiga ega bo‘lishi aytilayotir.

Muhim sana...

Xullasi kalom, HTC U12+ haqidagi batafsil ma’lumotni uzog‘i bilan 23 may kuni bilib olamiz. Agarda ungacha insayderlar «chaqqonlik» qilishsa – balki gadjet xususiyatlari undan ham oldinroq ma’lum bo‘lar. Bu boradagi yangiliklarni biz bilan birga kuzating.

Darvoqe, jadal rivojlanib kelayotgan xitoylik smartfonsoz ham ayni shu 23 may kuniga taqdimot tadbiri belgilagan. Uning mazkur qurilmasida ham, HTC U12+ modelida ham apparat ta’minoti darajasidagi yuzni tanish tizimi mavjud bo‘lsa, iPhone X’ning biryo‘la ikkita raqibi shu kuni dunyo yuzini ko‘radi.

O‘QING: Xiaomi nihoyat Mi 7 taqdimot sanasini aytdi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!