iPhone X'ning O‘zbekistondagi narx-navosi

iPhone X'ning O‘zbekistondagi narx-navosi

3 noyabrdan jahon bozorlariga sotuvga chiqarilgan iPhone X flagmani 2 talqinda — 64 GB va 256 GB doimiy xotirali talqinlarda ishlab chiqarilmoqda. Uning narxi 999 dollardan boshlanadi! Eng qimmati esa $1,149 dollardan sotiladi. Mamlakatlarda esa soliq va bojxona to‘lovlari hisobiga bu narx yanada qimmatlashadi.

Rasmiy savdodan bir necha kun avval Toshkentga olib kelingan iPhone X'ning "Malika"da $6600 dollarga sotilgani to‘g‘risida xabarlar ko‘pchilikni hayratga solgan edi. Bugun narx-navo bir oz "tashladi" :) Shunday bo‘lsa ham, hozircha eng qimmat ayfonning narxi yurtimiz smartfon bozori uchun aqlbovar qilmas darajada qimmat.

Ayni kunlarda iPhone X yurtimiz smartfon bozorida ham sotilmoqda. Unga har kim o‘zicha narx belgilab olgan. Sababi, smartfonlar O‘zbekistonga norasmiy yo‘llar orqali, cheklangan miqdorda savdogarlar tomonidan kelinadi. Biz quyidagi OLX.uz onlayn savdo platformasidagi narxlarga diqqat qilamiz.

O‘qing“Inqilobiy ayfon” haqida 11 fakt!

Ayni paytda mazkur elektron do‘konda iPhone X'ning har 2 talqini sotilmoqda. Flagmanning 256 GB doimiy xotirali talqini 1500 AQSh dollaridan boshlab 1850 dollargacha sotilmoqda. Bu talqinni oq, qora-kul rang, kumush rangdagi korpusli talqinlarda xarid qilish mumkin.

Eng ilg‘or ayfonning 64 GB doimiy xotirali talqini esa 1300 AQSh dollaridan 1400 dollargacha sotilmoqda.

Sotuvchilar ayfonlarni milliy valyutada xarid qilishni ham taklif qilishmoqda. Jumladan, e’lonlarda iPhone X'ning yuqori talqini uchun 14 760 000 so‘m, quyi talqin uchun esa 11 328 000 so‘m so‘ralgan.

E’lonlarga ko‘ra, 5.8 dyuymli old panelini egallab olgan OLED displeyga ega iPhone X flagmani yurtimizga AQSh, BAA, Buyuk Britaniyadan keltirilgan.

Darvoqe, Terabayt smartfonlarni bu narxda xarid qilishga kafolat bermaydi. Shu bilan birga, ayfon xarid qilayotganda tovlamachilardan ehtiyot bo‘lishga chaqiradi. Qo‘ldagi smartfon qimmatlashishi emas, arzon bo‘lsa ham, undan samarali foydalanish muhimroq.

O‘qingApple iPhone X olgan ilk suratlarni e’lon qildi

Gadjetga xos muhim innovatsiyani bilasizmi?
Ekran yuqorisida qoldirilgan jajji hududda karnay va sensorlar o‘rnashgan. Bu yerda TouchID o‘rniga joriy qilingan FaceID texnologiyasi joylashgan. U old kamera yordamida yuzni 3 o‘lchamda skaner qiladi. Foydalanuvchi ayfonga qarashi bilan uning tizimi ochiladi.

Buning uchun 7 megapikselli old kamera va infra-qizil kamera, yuzdagi belgi va dog‘larga qarab uning xaritasini tuzadigan maxsus proyektor, shuningdek skaner qorong‘uda yuzni aniqroq chizishi uchun yoritgich o‘zaro hamkorlik qiladi. Ekspertlarning fikricha. bu -- hozircha tatbiq qilingan eng xavfsiz yuz skaneri bo‘lishi mumkin.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!