iPhone X uchun dunyodagi eng qimmat chexol sotuvga chiqarildi

iPhone X uchun dunyodagi eng qimmat chexol sotuvga chiqarildi

Singapurning lyuks brendlar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi iPhone uchun ishlab chiqargan titan metalli chexolning narxi jahonning eng qimmat flagmanlaridan bo‘lgan iPhone X'dan ham qimmat bo‘lib chiqdi.

Misol uchun, yaqinda o‘tkazilgan iPhone X taqdimotida bu flagman narxi 1149 AQSh dollari ekani e’lon qilingan bo‘lsa, Singapurning Gray International deb nomlangan lyuks brendi ishlab chiqargan metall g‘ilof bahosi 1345 AQSh dollariga teng.

iPhone uchun titanli g‘iloflar kolleksiyasi e’lon qilingach, garchi qimmat bo‘lsa ham, bu aksessuarni xarid qilish istagida dunyoning ko‘p mamlakatlaridan buyurtmalar kelib tushmoqda. Boisi, bu chexol cheklangan miqdorda ishlab chiqariladi. Mazkur aksessuar biror bir funksiyani bajarmaydi, biroq eksklyuziv mahsulot sifatida o‘ziga xos.

Bilasiz, titan aerokosmik sanoatda foydalaniladi va o‘ta pishiqligi bilan ajralib turadi. iPhone'ga atalgan "libos" o‘ta pishiq va u bus-butunligicha yaxlit qimmatbaho metalldan tayyorlangan. U ayfonni kutilmagan zarbalardan himoya qiladi. Temir-g‘ilof yuqori mahorat bilan sayqallangan. Har bir g‘ilofga o‘zining maxsus raqami tushirilgan. Titan g‘ilof po‘lat rang, tilla va och pushti ranglarda ishlab chiqariladi.

2016 yilning 1 noyabrida Gray International iPhone 7 va 7 Plus uchun ham xuddi shunday qimmatbaho chexollarni sotuvga chiqargan edi. Ularning bahosi ham ayfonlardan yuqori bo‘lgan. 1000 dollarga baholangan bu g‘iloflar jahon bo‘yicha bor-yo‘g‘i 100 dona sotilgan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!