iPhone Xs Max – eng yangi, tezkor, katta va… qimmat ayfon bilan batafsil tanishamiz!

  •   DiMaX
  •  9082
  •  24.09.2018 19:17

iPhone Xs Max – eng yangi, tezkor, katta va… qimmat ayfon bilan batafsil tanishamiz!

Apple korporatsiyasi 2018 yilning 12 sentyabrida o‘zining uchta modeldagi – iPhone XS, XS Max va iPhone Xr smartfonlarini namoyish etgan. Ushbu ayfonlar allaqachon dunyo bo‘ylab savdoga chiqqan va, raqiblaridan biri masxara qilganiga qaramay, yaxshi sotilmoqda.

O‘QING: Eng ilg‘or protsessor va kuchli kameraga ega iPhone Xs hamda iPhone Xs Max taqdim etildi (+video)

Nihoyat, kupertinolik korporatsiyaning eng qimmat smartfoni – iPhone Xs Max modeliga batafsil nazar tashlash vaqti keldi.

Avvalo, uning nomlanishiga e’tibor bering: Apple oldingi ayfonlarining nisbatan katta yoki kuchaytirilgan modifikatsiyalarini ularning nomiga «Plus» qo‘shimchasi qo‘shib nomlab kelgan. O‘tgan yilgi yubiley superflagmani iPhone X deb atalgan bo‘lsa, uning bu yilgi davomchisi iPhone Xs nomini oldi. Uning kattaroq modifikatsiyasi nomida esa Apple tarixida «Max» qo‘shimchasi qo‘llangan. Bunisi endi – ayfonlar «qiroli»: korpusi va ekrani eng katta o‘lchamli, ishlash bo‘yicha eng tezkor, batareyasi eng sig‘imdor va... narxi ham eng qimmat smartfon!

JAMLANMA JUDAYaM ZO‘R EMAS...

Apple eng yetakchi, badavlat va ilg‘or smartfonsozlardan bo‘lsa-da, iPhone Xs Max jamlanmasida bu sifatlariga yarasha ish tutmaganiga guvoh bo‘lamiz. Unda quloqchin shunchaki oq kartonga o‘ralgan. iPhone 7 modelidan boshlab smartfon qadog‘ida birga taqdim etilayotgan 3,5 millimetrlik perexodnik ham yangi ayfonda yo‘q – uni alohida sotib olishga to‘g‘ri keladi.

Jamlanmaning boshqa jihatlari esa odatdagidek: smartfonning o‘zi, Lightning-USB kabeli, quvvatlash uskunasi va hujjatlar. Garchi bulturdan beri iPhone’lar tezkor va simsiz quvvatlanishni «o‘rganib» olishgan bo‘lsa-da, bu yangi imkoniyatlardan foydalanish uchun maxsus uskunalarni ham alohida sotib olish kerak bo‘ladi. Lekin, agarda sizda 12 dyuymlik Macbook yoki avvalgi avlod Pro modeli bo‘lsa, noutbukning quvvatlagich moslamasidan ham foydalansangiz bo‘ladi. Faqat buning uchun ham USB-C/Lightning kabelini alohida xarid qilish lozim – iPhone Xs Max qadog‘iga solinmagan.

DIZAYN VA DISPLEY

Bu yilgi iPhone Xs modelini dizayniga ko‘ra bulturgi yubiley superflagmanidan farqlash qiyin. Ularning o‘lchamlari bir xil, korpusining orqa qopqog‘ida ham «S» yoki «Xs» yozuvi yo‘q. iPhone Xs Max esa ulkan o‘lchami bilan yaqqol ajralib turadi.

Bu smartfonning romi zanglamaydigan jarrohlik po‘latidan ishlangan, orqa qopqog‘i esa himoya shishasi bilan mustahkam muhofaza etilgan. Umuman, eng yirik ayfonning (va «ukasi»ning ham) korpusi IP68 standartiga ko‘ra himoyalangan. Ya’ni, ular ikki metrgacha chuqurlikdagi suv tubida yarim soat yotsa ham shikast yetmaydi.

O‘QING: Bu smartfon ko‘l tubida 2 hafta yotganidan so‘ng ham ishlayverdi!

iPhone Xs Max korpusining o‘lchamlari 143,6x70,9x7,7 millimetrga teng, vazni esa 208 gramm tosh bosadi. Uni bitta qo‘l bilan boshqarish baribir qiyin. Bosh barmog‘ingiz ekranning narigi chekkasiga yetadi, ammo burchakka yetib borishi mushkul. Taqdimot marosimida Apple, bu flagmanlarida «smartfonsozlikdagi eng mustahkam shisha qo‘llangan»ligini aytgandi. Agarda shuni amalda sinab ko‘rish niyatingiz bo‘lmasa, tushirib yubormaslik uchun iPhone Xs Max’ni ikki qo‘lda boshqarganingiz ma’qul.

Ko‘rinib turibdiki, iPhone Xs Max ekrani yaxshigina katta – diagonaliga 6,5 dyuym, axir! Smartfon korpusi old yuzasining 84,4 foiz qismi displeydan iborat. Displeyning tasvir aniqligi 2688x1242 pikselga teng, piksellar zichligi bo‘lsa 458 ppi’ni tashkil etadi. Ekran uchun OLED-matritsa qo‘llangan, uning yorqinligi, ranglarni tiniq uzatib berishi a’lo darajada.

OPERATsION TIZIM VA PROTsESSOR

Apple ushbu flagmaniga o‘zining eng yangi talqindagi – iOS 12 operatsion tizimini o‘rnatgan holda chiqargan. Uning o‘z «ajdod»idan farqi unchalik ko‘p emasdek, ammo ishlash tezligi ancha yaxshi.

O‘QING: iPhone, iPad yoki iPod’ga yangi – iOS 12 o‘zi kelmasa, proshivkani yuklab olib yangilash uchun tayyor havolalar bor!

Bu yilgi iPhone’larga shuningdek, eng ilg‘or A12 Bionic protsessori ham o‘rnatilgan. Mazkur chipsetning yadrolar soni o‘zgarmagan – oltita, ammo protsessor 7 nanometrlik texnologik jarayon bo‘yicha ishlangan. Bu esa quvvat tejash samaradorligini hamda gadjetning ishlash tezligini oshirgan.

Protsessor jamlanmasidagi yangi neyrochipni alohida ta’kidlab o‘tsak arziydi. U o‘z «ajdod»idan naq to‘qqiz karra kuchli! Ya’ni, iPhone X protsessoridagi neyrochip bir soniyada 600 milliard operatsiya bajara olsa, bu yilgi A12 Bionic’niki soniyasiga naq 5 trillion operatsiyaga qodir!

Darvoqe, ayni damda A12 Bionic – bozorga chiqqan smartfonlar orasida 7 nanometrlik yagona protsessor hisoblanadi. Yaqin orada shunday xususiyatli Kirin 980 chipiga asoslangan smartfonni Huawei taqdim etadi.

O‘QING: Huawei bayonot beradi: uning Kirin 980 chipi Apple A12 Bionic chipidan kuchli

«Olmali» korporatsiya ilk bora Dual SIM smartfon chiqardi – iPhone Xs va Xs Max modellari DSDS texnologiyasi bo‘yicha bir vaqtning o‘zida ikkita SIM-karta bilan ishlay oladi. Ammo bunda bittasi odatiy bo‘lsa, ikkinchisi virtual – eSIM kartasi hisoblanadi. Afsuski, bu texnologiya ko‘plab mamlakatlar qatori O‘zbekistonda ham ishlamaydi. Kupertinoliklar Xitoy bozoriga ko‘proq e’tibor qaratishgan: u yer uchun ikkita «haqiqiy» – moddiy SIM-karta bo‘lmachasiga ega iPhone Xs va Xs Max versiyalarini chiqaradi.

AKKUMULYaTORINI AYTMAYSIZMI!

Apple taqdimot tadbirida ta’kidlaganiga ishonadigan bo‘lsak, o‘tgan yilgi yubiley superflagmanidan iPhone Xs modelining avtonomligi yarim soatga oshgan. Uning «Max» versiyasida esa undan naq bir yarim soatga o‘zib ketgan.

Biroq korporatsiya bu ikki smartfonning batareya sig‘imini aniq aytmagan. Ushbu ko‘rsatkichni keyinchalik boshqalar oshkor etishgan: eng yirik ayfon bo‘lmish iPhone Xs Max akkumulyatori ham eng sig‘imdor – 3174 mA/soatga teng.

Shuningdek, yangi ikkita flagmanning ham batareyasi «L» shaklida ekanini ta’kidlash o‘rinli. Faqat iPhone Xs modelida u yaxlit bitta akkumulyator bo‘lsa, katta ayfonga ikkita batareya joylangan.

O‘QING: EKSKLYuZIV VIDEO: iPhone XS’ni ochib ko‘rishdi – hammasidan ham akkumulyatori antiqa ekan!

TEZKOR VA IChKI XOTIRA, BENChMARKLARDAGI NATIJALAR

Kupertinolik korporatsiya yangi flagmanlariga 4 gigabaytlik tezkor xotira o‘rnatgan; iPhone X modelida esa bu ko‘rsatkich 3 gigabaytni tashkil etar edi. Tabiiyki, smartfonning ishlash samaradorligini ta’minlashda buning ahamiyati katta.

Mana, GeekBench 4 hamda AnTuTu servislarida iPhone Xs Max ko‘rsatgan natijaga nazar solamiz:

Sintetik testlardan tashqari, iPhone Xs Max’ning amaldagi tezkorligini ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, quyidagi maqolamizga nazar solishingiz mumkin:

O‘QING: EKSKLYuZIV VIDEO: iPhone XS Max va Galaxy Note 9 tezkorligini taqqoslaymiz!

Doimiy xotira masalasiga kelsak, 64 va 256 gigabaytlik versiyalarga bu gal uchinchi – 512 gigabaytlik talqin ham qo‘shilgan. An’anaga ko‘ra, kupertinolik korporatsiya o‘z smartfonlarida xotira kartasi uchun joy ajratmagan.

KAMERA IMKONIYaTLARI

Apple ushbu flagmanlarning taqdimotida iPhone Xs modellarining kamerasiga ko‘proq e’tibor qaratdi. Xuddi o‘tgan yilgi superflagmandagi kabi, ularda ham ikkita 12 megapikselli sensor qo‘llangan. Ulardan biri f/2.4 aperturadi teleob’yektiv bo‘lsa, ikkinchisi keng burchakli, f/1.8 diafragmali datchikdir. Ammo kameraning umumiy kuchi o‘tgan yilgisidan ancha kuchaygan. Sodda qilib aytganda, uning piksellariga ko‘proq yorug‘lik tushadi va buning natijasida rasmlar yanada sifatli chiqadi. Shuningdek, u 4K sifatida videolar olishga qodir.

Kameraning apparat qismlariga qo‘shimcha tarzda, Apple uning dasturiy ta’minotini ham kuchaytirgan. Jumladan, asosiy va old kameralarga tatbiq etilgan Smart HDR texnologiyasi e’tiborga loyiq. Bunda kamera bitta rasmga olishda turli sozlamalar bilan ko‘plab suratlar oladi, ularning har biridan eng yaxshi chiqqan bo‘laklarni terib olib, bitta fotosuratga birlashtiradi. Bir qarashda murakkab va natijasi noaniq chiqadigandek tuyuladi, ammo amalda bu juda yuksak sifatli suratlarni taqdim etuvchi texnologiyadir.

Kamera surat va video olishda qo‘shaloq optik barqarorlashtirish tizimiga ega. Unda Slow Sync funksiyasi, True Tone Quad‑LED fotochaqnog‘i hamda sifatni yo‘qotmasdan tasvirni ikki karra yaqinlantirish imkoniyati mavjud.

Mana, yorug‘lik yetarli bo‘lmagan sharoitda iPhone Xs Max asosiy kamerasida olingan suratga misol:

iPhone XS hamda iPhone XS Max modellarining selfi-kamerasi ham bir xil: 7 metapikselli TrueDepth kameralar tizimi. Uning diafragmasi f/2.2, «Portret» rejimi yanada yaxshilangan. Tabiiyki, foydalanuvchini yuzidan tanib tizimni qulfdan chiqaruvchi Face ID funksiyasiga ega.

NARXI VA XULOSALAR

Ha, eng muhim joyiga ham navbat keldi...

Apple bu yil 5,8 dyuymlik flagmani narxini oshirmadi: u ham o‘tgan yilgi iPhone X kabi, 999 AQSh dollaridan boshlangan narxlarda savdoga chiqdi. Lekin ulkan ekranli iPhone Xs Max narxi ham shunga yarasha – AQShning o‘zida kamida 1099 dollar, Yevropada yanada qimmat.

O‘zbekiston bozoriga ham bu ikki flagman allaqachon yetib kelgan va xaridorlar tomonidan ularga qiziqish katta. Jumladan, saytimizning internet-do‘koni – Terashop.uz’da ularni onlayn xarid qilish imkoni mavjud. Onlayn xaridingiz Toshkent shahridagi buyurtmachilarga 12 ish soati, viloyatlarga esa ikki ish kuni ichida yetib boradi! Do‘konimizda mijozlar uchun qulay bo‘lgan to‘lov shakllari (naqd pul va Payme tizimidagi elektron to‘lovlar)ning barchasi joriy etilgan. Shuningdek, xaridingiz haqqini buyurtma qo‘lingizga tekkanida ham to‘lashingiz mumkin.

O‘QING: XUShXABAR: iPhone Xs hamda iPhone Xs Max endi Terashop.uz’da! Shu va boshqa ayfonlar narxlari bilan tanishing! (2018 yil 24 sentyabr)

Xullasi kalom, iPhone Xs Max – hozirgacha chiqarilgan ayfonlarning eng zo‘ri. Faqat o‘ta kattaligi sal noqulay, yana narxiyam...

Darvoqe, iPhone Xs hamda iPhone Xs Max modellarini mana bu yerda o‘zaro taqqoslab ko‘rishingiz mumkin.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

Terashop.uz UZS 10 380 000.00 Sotib olish
Terashop.uz UZS 10 430 000.00 Sotib olish
Terashop.uz UZS 10 500 000.00 Sotib olish
Terashop.uz UZS 11 150 000.00 Sotib olish
Terashop.uz UZS 11 800 000.00 Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi