iPhone yordamida nimalar qilish mumkin?

iPhone yordamida nimalar qilish mumkin?

Zamonaviy telefonlar hayotimizga kirib kelishi bilan kunu tun hamrohimizga va yordamchimizga aylandi. Dastlab, faqatgina aloqa maqsadida ishlab chiqarilgan telefon hozir suratga olish, internetga kirish, qaydlarni saqlash va boshqa shunchalik ko‘p vazifalarni uddalaydiki, qiziqchimiz Hojiboy Tojiboyevning universal bug‘doy o‘ruvchi to‘g‘risidagi latifasi esga tushadi.

Biz xizmatga shay telefonimiz asosiy vazifasidan tashqari qanday ishlarni boshqarishga qodir ekanligini aniqladik.

  1. Uyni isitish. Haroratni rostlash, konditsionerni boshqarishni iPhone ilovasi yordamia udalash mumkin. Konditsionerni o‘chirishni unutib uydan chiqqan bo‘lsangiz, iPhone bilan o‘chirishingiz mumkin. Yoki uyga qaytishdan yarim soat avval isitgichni yoqib qo‘ysangiz, iliq haroratli uy sizni kutadi.
  2. Xavfsizlik. Albatta, sizni qutqarish uchun yo‘lto‘sarning burniga o‘xshatib tushiradigan mushtumzo‘r-smartfon hali ishlab chiqarilmadi. Ammo iPhone bilan boshqariluvchi DoorBot eshik qulfi chaqirilmagan mehmon tasvirini ayfoningiz ekraniga uzatadi. Ko‘rinishi yoqsa kiritasiz, yoqmasa …
  3. Kir yuvish. iPhone bo‘lsa kir yuvish rejimlari va tartibi xususida bosh qotirmaysiz. Moshi Matic “kir yuvadig‘on moshinasi” va ayfon ilovasi – tamom. Kir-chirlarni mashinaga solish va chiqarib olish sizdan.
  4. Yoritish. “Aqlli” chiroqlar, tunchiroqlar yorug‘ligini sozlash uchun DeLight ilovasi mavjud. 
  5. O‘yinchoqlar. Yoshligimizda plastmassa, yog‘ochdan yasalgan mashinacha, samolyotchalarni qo‘l bilan “drr”, “varr” deya “yurgizar” edik. Vaqt yetib akkumulyatorlisi chiqdi. Yaqinda Shon Goyten nomli erinmagan o‘yinchoqsoz esa iPhone yordamida boshqariluvchi samolyotchalar yaratdi. 
  6. Yaxtada sayr. Albatta, bu hammaning ham cho‘ntagiga to‘g‘ri kelmaydi, ammo Adastra Superyachtsni 15 mln dollarga sotib olgan boyvachcha ayfoni bilan yaxtani o‘z yo‘rig‘iga solishi mumkin. 
  7. Choyxo‘r dastyori. Innovatsion choynak iKettle bilan tanishing. Shu nomdagi ilova bilan WiFi tarmog‘i orqali ulana oladi. Ertalab uyg‘onasiz va qo‘lga telefonni olib xotinga emas, choynakka buyruq bersangiz choy tayyor. 
  8. Avtomobilga buyruq berish. Viper kompaniyasining SmartStart ilovasi sizning o‘rningizga mashinani o‘t oldiradi, qulflanganini tekshiradi, signalizatsiyani ishga tushiradi. Buning uchun avtomobil yonida bo‘lishingiz shart emas, ayfon yoningizda bo‘lishi shart. 
  9. Mahsulotlarni saqlash. LG kompaniyasi ayfon bilan boshqariladigan Smart ThinQ sovutkichlarini ishlab chiqarmoqda. Nimasi qiziq, deysizmi? Sovutkichdagi mahsulotlar shtrix-kodini aniqlab, xolodilnik ayfonga xabar beradi, ayfon esa “bugun qo‘y go‘shtiga qaynatma sho‘rva qilishni tavsiya qilaman, kartoshka, sabzi-piyoz bor” degan mazmunda maslahat beradi. Bundan tashqari mahsulotlar muddati o‘tganligini nazorat qilish ham qulay. 
  10. Musiqa tinglash. To‘g‘ri, hozir, deyarli barcha telefonda musiqa eshitish mumkin. Ammo simsiz boshqariluvchi Sonos musiqa tizimi WiFiga bog‘langach, ayfoningiz yordamida istagan kuyga o‘ynatishingiz mumkin. 

Hozir XXI asr, fan-texnikadan har narsani kutsa bo‘ladi. Ajab emas, ertaga sovutkich “xo‘jayin, siz dam oling, bozorga borib kelay, go‘sht tugabdi”, desa yoki mashina “bolalarni bog‘chadan olib kelgani ketdim”, deb qolsa …

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.