iPhone zavodi ishchilariga maosh to‘lanmayapti. Ishchilar bosh ko‘tarmoqda (+video)

iPhone zavodi ishchilariga maosh to‘lanmayapti. Ishchilar bosh ko‘tarmoqda (+video)

Hindistondagi iPhone ishlab chiqariluvchi zavod ishchilari oylik maosh to‘lovlari borasidagi muammolar sabab bosh ko‘targan. Natijada, zavodga 7 million dollar miqdorida zarar yetkazilgan. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Wistron kompaniyasiga qarashli Hindistondagi iPhone ishlab chiqarish zavodida ishchilar ularga va’da qilingan haq to‘lanmayotganini ta’kidlab, ish sharoitlari yaxshilanishini talab qilmoqda.

The Times of India nashri voqea joyiga borgan va namoyishlar aks etgan video lavhani e’lon qilgan. Nashrning yozishicha, «tungi smenadagi ishini bitirib, zavoddan chiqayotgan 2,000 nafar ishchilarning aksariyati g‘azablanib, kompaniya mebelleri va yig‘uv uskunalariga zarar yetkazgan va hatto transport vositalariga o‘t qo‘yishga uringan».

The Times of India ishchilarga to‘lanishi kerak bo‘lgan maoshlar borasida ham ma’lumot olgan. Ishchilardan biri maoshlar borasida, jumladan, shunday degan: «Muhandislik diplomiga ega ishchiga oyiga 21,000 rupiya (286 AQSh dollari) va’da qilingan, lekin ularning oyligi 16,000 rupiya (218 dollar) ga tushirib qo‘yilgan, keyin esa, oxirgi oylarda 12,000 rupiya (163 dollar) ga tushib qolgan. Mutaxassisligi muhandislik bo‘lmaganlar oyligi esa 8,000 rupiya (109 dollar) ga tushirib qo‘yilgan. Bizning hisobimizga o‘tkazib berilayotgan oylik kamayib ketyapti va biz bundan juda ga’zabdamiz». Ba’zi ishchilar ularga atigi 500 rupiya (6.80 dollar) haq to‘langanini aytishmoqda.

Wistron Apple'ning eng yirik ta’minotchilaridan biri hisoblanadi. Wistron'ning aytishicha, Wistron Apple'ning ta’minotchi shartnomasi shartlarini buzgan-buzmagani borasida tekshiruv ishlari olib bormoqda.

Hindiston butun dunyo bo‘yicha Xitoydan keyingi ikkinchi eng yirik smartfon bozori sanaladi. Biroq bu bozorda raqobat juda kuchli. Narxlar arzonligi bois Apple Hindistonga kirib borishga qiynaladi va bozorda atigi 3% lik ulushga ega. Hindiston bozoriga kirib borishning yo‘llaridan biri smartfonlarni Hindistonning o‘zida ishlab chiqarish hisoblanadi. Shunda, Apple import qilingan (ayniqsa, Xitoydan) mahsulotlarga solinuvchi bojlardan xalos bo‘ladi, narxlarni kamaytirishga erishadi. Wistron zavodida Apple'ning eng arzon smartfoni — iPhone SE ishlab chiqariladi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin ham Hindistonning Karnataka shtatida ishchilar Apple telefonlarini ishlab chiqaradigan zavod idorasini vayron qilishgandi.

O‘QING: iPhone va Xiaomi smartfonlari importiga to‘siq qo‘yilmoqda

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!