iPhoneda avtomobil rejimi paydo bo‘ladi

iPhoneda avtomobil rejimi paydo bo‘ladi

Apple kompaniyasi iOS — iOS11 mobil qurilmalari uchun operatsion tizimni yangiladi. Yangi funksiyalari orasida “Bezovta qilmang” funksiyasi bor. Telefon egasi avtomobil boshqarayotgan vaqtida yangi funksiya har qanday qo‘ng‘iroq, xabar, yangiliklar signalini qulflaydi.

Apple xabarnomasida aytilishicha, iPhone egasining rulda o‘tirgan holatini “taniydi” hamda smartfon ekranidagi bildirishnomalarni avtomatik ravishda o‘chiradi. Buning uchun qurilma Bluetooth, Wi-Fi yoki USB-kabel vositasida avtomobilning multimedia tizimiga ulangan bo‘lishi lozim.

Egasi avtomobil rulida o‘tirganda chalingan qo‘ng‘iroqqa telefonning o‘zi javob beradi. Egasi ayni vaqtda mashina boshqarayotganligi sababli javob berolmasligini aytadi.

Agar haydovchiga o‘ta muhim masalada aloqaga chiqish kerak bo‘lsa, uning raqamiga “urgent” (“shoshilinch”) xabarini yuborish kerak. Shunda tizim haydovchiga standart bildirishnoma yetkazadi.

Yangilangan operatsion tizimdan shu yilning kuzidan boshlab foydalanish mumkin.

O‘tkazilgan tadqiqotlar haydovchilar yo‘lda 88 foiz holatda telefondan foydalanishini ko‘rsatgan. Haydovchilar safarda o‘rtacha 3,5 daqiqa vaqtini smartfonga sarflagan.

Mashina boshqarayotgan haydovchining 2 soniya davomida telefonga chalg‘ishi YTH sodir bo‘lish xavfini 20 barobarga orttiradi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.