iPhone’lar «qotili» – Nokia 8 taqdimot sanasi aniq bo‘ldi

  •   DiMaX
  •  2553
  •  25.07.2017 18:31

iPhone’lar «qotili» – Nokia 8 taqdimot sanasi aniq bo‘ldi

«Qirol o‘ldi»mi?

Ilk iPhone’lar do‘konlarga chiqarilganidan buyon o‘n yildan oshiq vaqt o‘tdi. O‘shandan beri Nokia telefonlar borasida birinchilikni (hatto ikkinchilik, uchinchilik va boshqa pog‘onalarni ham) boy berib bo‘lgan.

Nokia kompaniyasi vaqtincha bozordn chiqib ketishiga ham to‘g‘ri keldi, ammo oradan vaqt o‘tib, yana qaytdi. Qaytganda ham Android tizimli, asosiysi – Nokia logotipli smartfonlar bilan, boshini mag‘rur ko‘targan holda keldi.

Xo‘sh, innaykeyin-chi?

«Qayta tug‘ilgan» Nokia mobil qurilmalarini bozorda HMD Global Oy kompaniyasi taqdim etadigan bo‘ldi. Ushbu brend ostida joriy yilda yettita smartfon ishlab chiqarishi ham ma’lum qilindi.

27 fevraldan 2 martga qadar Barselonada o‘tgan an’anaviy Jahon Mobil Kongressi – MWC 2017 ko‘rgazmasida Nokia o‘zining yangi smartfonlari va afsonaviy Nokia 3310 telefoni yangi talqinini rasman namoyish etdi.

Smartfonlardan uchtasi – Nokia 3, Nokia 5 va Nokia 6 modellari allaqachon sotuvga ham chiqarildi. Biroq hamma intizorlik bilan kutayotgan flagman – Nokia 8 modeli, garchi ma’lumotlari va rasmlari tarqalsa-da, hanuz namoyish etilmay kelayotir.

«Yashasin qirol!»

To bugungi kungacha Nokia 8 flagmani taqdimoti 31 iyulda bo‘lib o‘tishi haqida taxminlar tarqalayotgan edi. Ammo, The Verge nashrining yozishicha, mazkur smartfon keyinroq – 16 avgust kuni London shahrida, mahalliy vaqt bilan soat 7:30 da boshlanadigan tadbirda namoyish qilinadi.

Xabarga ko‘ra, HMD kompaniyasi bu tadbir haqida matbuot xabari tarqatmoqda. To‘g‘ri, unda aynan Nokia 8 taqdim etilishi haqida eslatma yo‘q, ammo tahlilchilar shuni kutishmoqda.

U qanday bo‘ladi?

Turli manbalardan «sizib chiqqan» ma’lumotlar tufayli, Nokia 8 modelining bir qator xususiyatlari ma’lum bo‘lib ulgurgan. Ushbu flagman ilg‘or Qualcomm Snapdragon 835 protsessori asosida ishlaydi. U 4 GB tezkor va 64 GB ichki flesh-xotiraga ega. Smartfonga 5,3 dyuymli Quad HD (2560x1440 pikselli) displey o‘rnatiladi.

Nokia 8’ning afzalliklaridan biri – asosiy kamerasi afsonaviy Carl Zeiss optikasiga ega 13 megapikselli qo‘shaloq modulga ega ekanligidir. Devays Android 7.1.1 Nougat operatsion tizim versiyasi boshqaruvi ostida ishlaydi.

Flagman, ammo arzon bo‘ladi!

Garchi hozirgi trendga ko‘ra romsiz ekrani bo‘lmasa-da, Nokia’ning ushbu devaysi iPhone o‘rnini, shuningdek, Android tizimli turli flagmanlar o‘rnini bosa oladigan darajada bo‘lishi kutilmoqda.

 Gap-so‘zlarga qaraganda, uning narxi ham 600 AQSh dollaridan past bo‘ladi. Bu esa yaqin orada bozorga chiqariladigan qurilmalar – iPhone 8, iPhone 7s, Galaxy Note 8 va Pixel 2 kabilardan birmuncha arzon taklifdir.

Bu boradagi yangiliklardan birinchilar qatorida xabardor bo‘lish uchun bizdan uzoqlashmang!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!