IPX8 himoyali, S Pen'ni qo‘llab-quvvatlovchi, ekranosti kameraga ega Samsung Galaxy Z Fold3 taqdim qilindi

IPX8 himoyali, S Pen'ni qo‘llab-quvvatlovchi, ekranosti kameraga ega Samsung Galaxy Z Fold3 taqdim qilindi

Kutilganidek, kecha 11 avgust kuni Samsung o‘zining Galaxy Unpacked marosimida flagman buklamafon — Galaxy Z Fold3'ni taqdim qildi.

O‘QING: 5G-smartfonlar bozorida Samsung to‘rtinchi o‘ringa tushdi. Undan zo‘rlari kimlar?

Uchinchi avlod buklanuvchi smartfoni suvdan himoyaning IPX8 darajasiga ega; S Pen stilusini qo‘llab-quvvatlaydi; chidamliligi, displeyi va unumdorligi oshirilgan.

Galaxy Z Fold3 7,6 dyuymli Dynamic AMOLED 2X displeyi bilan jihozlangan bo‘lib, ekran 120Hz adaptiv yangilanish chastotasiga ega. Smartfonning selfi kamerasi ekran ostiga joylangan bo‘lib, Z Fold3 ekranosti kamerali ilk Samsung smartfoniga aylandi.

Ekransoti kamera sensori atigi 4MP rezolyusiyaga ega, biroq aynan mana shu kamera smartfonga o‘rnatilgan boshqa barcha kameralardan katta — 2.0µm piksellarga va f/1.8 diafragmasiga ega. Mazkur kameradan asosan videoqo‘ng‘iroqlarda foydalanish ko‘zda tutilgan, chunki selfi olish uchun tashqi ekranda yana bitta 10MP f/2.2 kamera bor. Bundan tashqari, Fold3'ning asosiy kamerasi bilan ham selfi olish mumkin.

Tashqi ekranga to‘xtalib o‘tsak, mazkur displey o‘lchami 6,2" bo‘lib, Gorilla Glass Victus shishasi bilan himoyalangan va 120Hz yangilanish chastotasiga ega.

Smartfonning ishlashini 5 nanometrlik jarayon ustiga qurilgan Snapdragon 888 protsessori ta’minlaydi. Qurilma ham Sub6, ham mm-to‘lqinli 5G'ni ta’minlash uchun modemdan to‘laqonli foydalanadi. Tezkor xotira hajmi 12GB bo‘lib, bu UFS 3.1 toifasidagi doimiy xotira bilan Android 11 va One UI qobig‘ining ravon ishlashini kafolatlaydi.

Ta’bni xira qiladigani shuki, Z Fold3'ning kamera jamlanmasi o‘tgan yilgi modeldagi bilan bir xil. f/1.8 diafragmasi va 1/1.76" sensor o‘lchamiga ega 12MPlik asosiy kamera unchalik ham yomon bo‘lmasa-da, 1.12µm pikselli 12MP f/2.2 ultrakeng kamera va, ayniqsa, mayda o‘lchamli 1.0µm piksellar va atigi 2x zumga ega 12MP f/2.4 telefoto kamera ancha eskirgan. Qiyos uchun, 2018 yilgi Galaxy Note9 flagmaniga ham ayni piksel hajmiga ega 12MP f/2.4 kamera o‘rnatilgandi.

Asosiy kamera qo‘sh-pikselli avtofokus va tasvirni optik barqarorlashtirish funksiyasiga ega. Telefoto kamerasida ham OIS bor. Afsuski, ultrakeng kamera ham avtofokusga ega bo‘lishi haqidagi mish-mishlar o‘zini oqlamadi. Ijobiy tomondan esa, butun orqa panel endilikda Gorilla Glass Victus shishasi bilan qoplangan. Z Fold3'ning korpusi, shubhasiz, Samsung'ning eng maqtovga arzirli muvaffaqiyatlaridan. Kompaniya qurilmani Armor Aluminium romi bilan ham jihozlagan, bu esa hozirga qadar chiqarilgan qolgan alyuminiy romlardan pishiqroq ekanligi aytilmoqda. Ichki displey ustidagi himoya paneli ham kuchaytirilgan bo‘lib, yanada ko‘proq ta’sirga chidamli.

Samsung yangi smartfonni oldingi avlod qurilmasidan yengilroq va ixchamroq qilishni ham uddalagan. Qurilma 271 gramm tosh bosadi. Afsuski, akkumulyator sig‘imi o‘tgan yilgi 4,500 mAs dan 4,400 mAs ga tushirilgan. Quvvatlash tezligi esa sim orqali 25 vatt, simsiz 11 vatt va teskasi quvvatlashda esa 4,5 vatt bilan cheklangan.

Aytish mumkinki, Fold3'da joriy qilingan eng katta o‘zgarish smartfonning S Pen stilusini qo‘llab-quvvatlashidir. Endilikda S Pen Pro va yangi S Pen Fold Edition ruchkalaridan birini tanlashingiz mumkin. S Pen Fold Edition ruchkasi aynan Fold3 uchun chiqarilgan bo‘lib, S Pen Pro'dan biroz kichik, Bluetooth'ga ega emas, lekin u bilan Air boshqaruvlarini amalga oshirish mumkin. Galaxy S21 Ultra kabi Fold3 stilus uchun maxsus uyaga ega emas. Ruchkani saqlash uchun maxsus g‘ilof sotib olish kerak.

Samsung, shuningdek, Galaxy Fold3'ning bir vaqtning o‘zida bir necha vazifalarni bajarish imkoniyatini sayqallagan. Interfeys takomillashtirilgan, bir necha ilova o‘rtasida ekranni bo‘lish va ularni boshqarish osonlashtirilgan. Ilovalarni tezkorlik bilan almashtirish uchun Mini Menu ham mavjud.

Galaxy Z Fold3 uch xil rangda sotuvda mavjud bo‘ladi: Phantom Black, Phantom Green va Phantom Silver. Qurilma 256GB va 512GB xotira sig‘imlariga ega. O‘zbekistonda narxlar 19 mln 999 ming so‘mdan boshlanishi belgilangan. Oldindan buyurtmalar ochilgan, sovg‘aga boshqa Samsung qurilmalari beriladi. Dunyo bo‘ylab sotuvlar 27 avgustdan boshlanadi.

O‘QING: Samsung kutilmaganda Galaxy S21 FE suratini rasmiy Instagram-sahifasiga chiqardi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.