iQOO 5 hamda iQOO 5 Pro taqdim etildi: Vivo’ning eng zo‘r o‘yinbop flagmanlari!

  •   DiMaX
  •  1664
  •  18.08.2020 13:08

iQOO 5 hamda iQOO 5 Pro taqdim etildi: Vivo’ning eng zo‘r o‘yinbop flagmanlari!

Vivo kompaniyasi kecha – 17 avgust kuni Xitoyda onlayn taqdimot marosimini o‘tkazdi. Unda o‘yinbop qurilmalarga moslashgan iQOO brendining yangi smartfonlar turkumi keng jamoatchilikka ko‘rsatildi.

O‘QING: Iqoo eng arzon smartfonini namoyish etdi

Yangi turkumga ikkita – iQOO 5 hamda iQOO 5 Pro geymerofonlari kirgan. Ularning tashqi ko‘rinishi yozning boshida taqdim qilingan etilgan flagmanlar – Vivo X50 hamda Vivo X50 Pro modellariga o‘xshash, lekin xususiyatlari aynan bir xil emas.

iQOO 5 Pro – 15 daqiqada 100 foiz quvvat oluvchi flagman!

Smartfonlar bilan tanishuvni Pro-versiyadan boshlaymiz: uni ikki xil g‘ayrioddiy – Track Version va Legendary Edition ranglardagi shisha korpuslarda taklif etishadi. iQOO 5 Pro dizaynini yaratishda BMW M Motorsport jamoasidan ilhomlanishgan. Darvoqe, xitoyliklarning ushbu brendi jahon bozoridagi mazkur avtomobilsozning rasmiy hamkoriga aylangan.

iQOO 5 Pro diagonaliga 6,56 dyuymlik AMOLED-displey bilan jihozlangan. Tomonlari o‘zaro 19.8:9 nisbatli ekranning chetlari qayrilgan. Displeyning tasvir aniqligi 2376x1080 piksellik bo‘lsa, kadr yangilanish chastotasi 120 gerslik. Displeyning maksimal yorqinligi 1300 nitga teng, u HDR10+ texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi va barmoq izi skaneriga ega. Ekranning yuqori sap burchagida 12 megapiksellik selfi-kamera datchigi uchun tirqish o‘yilgan.

Flagman korpusining orqa tomonidagi bosh kamera 50 + 13 + 8 megapiksellik datchiklardan iborat. Uning yordamida 8K-video suratga olish mumkin; yana kamera 5 karralik optik va 60 karralik raqamli zumga ham ega.

iQOO 5 Pro modelining «elektron yuragi» – ilg‘or Qualcomm Snapdragon 865 protsessoridir. Smartfonni LPDDR5 standartidagi, 8 yoki 12 gigabaytlik tezkor xotirali variantlarda xarid qilish mumkin. Doimiy xotirasi esa har ikkala holatda ham bir xil – 256 gigabaytlik UFS 3.1 chipi.

Ushbu flagman yana Hi-Fi audio texnologiyali stereodinamiklari bilan ham maqtana oladi. Uni Android 10 operatsion tizim talqini bazasidagi iQOO UI 1.5 grafik qobig‘i bilan taqdim qilishgan.

iQOO 5 Pro flagmanining 4000 mA/soatlik akkumulyatorini naq 120 vattlik FlashCharge texnologiyasi asosida bor-yo‘g‘i 15 daqiqada 100 foizga to‘ldirish mumkin!

O‘QING: Smartfonni atigi 15 daqiqada to‘liq quvvatlovchi FlashCharge texnologiyasini «jonli» videoda ko‘ramiz!

iQOO 5 – flagman chipsetli arzon geymerofon

Yangi taqdim etilgan juftlikning «oddiyrog‘i» – iQOO 5 modeli ham qiyofasi va xususiyatlari bilan Pro-versiyaga o‘xshash. Tashqi ko‘rinishidagi farqi – uning ekrani chetlari qayrilma emas, balki tekis.

iQOO 5 bosh kamerasi 50 + 13 + 13 megapiksellik modullarni o‘z ichiga olgan. Lekin unda periskop sensor yo‘q va faqat 20 martalik raqamli yaqinlashtiruv texnologiyasi qo‘llangan.

Standart modelda yana FlashCharge texnologiyasi ham qo‘llanmagan – iQOO 5 «atigi» 55 vattlik usulda tezkor quvvatlana oladi. Biroq uning batareyasi Pro-versiyadagiga ko‘ra sig‘imdorroq – 4500 mA/soatlik.

«Katta» modeldagidan farqli ravishda, iQOO 5 modeli ichki xotirasi 128 gigabaytlik variantda ham taklif etiladi. Boshqa barcha texnik jihatlariga ko‘ra bu ikki smartfon bir xil.

Narxi-chi, narxi?

Vivo kompaniyasi ushbu smartfonlarni o‘z yurtida quyidagi narxlar asosida sota boshlaydi:

iQOO 5 – 8/128 GB — $576

iQOO 5 – 12/128 GB — $619

iQOO 5 – 12/256 GB — $662

iQOO 5 Pro – 8/256 GB — $720

iQOO 5 Pro – 12/256 — $792

Yangi avlod iQOO flagmanlarining Xitoydan boshqa mamlakatlar bozorlariga chiqishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

O‘QING: Beshta narx toifasidagi eng zo‘r Android-smartfonlar (AnTuTu reytinglari, 2020 yil iyul)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!