iQOO 7 ham chiqdi: Snapdragon 888 chipli ikkinchi flagman Xiaomi Mi 11’dan zo‘r, lekin undan arzon!

  •   DiMaX
  •  3010
  •  12.01.2021 13:19

iQOO 7 ham chiqdi: Snapdragon 888 chipli ikkinchi flagman Xiaomi Mi 11’dan zo‘r, lekin undan arzon!

Vivo kompaniyasi kecha Qualcomm protsessorli eng arzon 5G-smartfon – Vivo Y31s modelini taqdim qilgan. Bundan tashqari, u o‘yinbop qurilmalarga asoslangan subbrendining navbatdagi flagmani – iQOO 7 geymerofonini ham namoyish etdi.

O‘QING: «Taxtni bo‘shat, Xiaomi Mi 11» – AnTuTu rekordchisi yanvarda chiqyapti

Shunday qilib, Vivo iQOO 7 modeli Qualcomm’ning eng kuchli chipseti – Snapdragon 888 bazasida ishlaydigan ikkinchi smartfon bo‘ldi. Birinchisini esa Xiaomi kompaniyasining 28 dekabrda chiqqan gadjeti – Mi 11 flagmanidir.

iQOO brendining yangi geymerofoni eng kuchli Android-chipsetga ega smartfon bo‘lishdan tashqari, «Xitoycha Apple»ning yangi flagmanidan arzon ham. Shu bilan birga, ayrim jihatlariga ko‘ra raqibidan ustun keladi.

iQOO 7 tezkor (LPDDR5) xotirasi 8 va 12 gigabaytlik, doimiy (UFS 3.1) xotirasi esa 128 va 256 gigabaytlik variantlarda taklif etiladi. Vivo uni diagonaliga 6,62 dyuymlik, burchaklari sal dumaloqlangan AMOLED-displey bilan ta’minlagan. Yangilanish chastotasi 120 gersgacha bo‘lgan ekranning yuqori qismi o‘rtasida 16 megapiksellik selfi-kamera uchun tirqish bor.

Smartfonning bosh kamerasi uch modulli bo‘lib, asosiy sensor sifatida 48 megapiksellik aniqlikdagi Sony IMX598 qo‘llangan va optik barqarorlashtirish tizimi joriy etilgan. Ikkinchi – 13 MPlik datchikka keng burchakli ob’yektiv biriktirilgan bo‘lsa, 13 MPlik portret kamerasi 2 karralik optik zumni qo‘llab-quvvatlaydi.

iQOO 7 eng so‘nggi – Android 11 operatsion tizim talqini asosida tayyorlangan (Apple dizayneri yaratganOriginOS grafik qobig‘i bilan taqdim etilgan. Ushbu devaysning audio imkoniyatlari ham zo‘r: Vivo uni Hi-Fi audio tizimli stereodinamiklar va CS43131 audiochipi bilan boyitgan.

iQOO 7 akkumulyatori 4000 mA/soatlik tok sig‘imiga ega; 120 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasi orqali uni 15 daqiqaga ham yetmasdan to‘liq quvvatlash mumkin!

Ta’kidlab o‘tish kerakki, Apple, Samsung yoki Xiaomi kabi ekologiyani asrash bahonasida zaryadnikni tejab qolishni Vivo xayoliga ham keltirmagan. Aksincha, kompaniya o‘sha – naq 120 vattlik quvvatlagichni smartfon jamlanmasiga qo‘shib beryapti! Kabelining uzunligi ham 1 emas, balki 1,5 metrlik bu aksessuar 65 Vt PD sertifikatsiyasiga ega bo‘lib, noutbukni zaryadlashga ham qodir.

O‘QING: TOP-15: Rekord darajada tez quvvatlanuvchi smartfonlar

iQOO 7 geymerofonining o‘ziga xosliklaridan biri – undagi sovitish tizimidir. Undagi bug‘lantirish kamerasi smartfonsozlik tarixida eng katta maydonga ega: bu borada o‘rtacha ko‘rsatkich 1700 mm2 bo‘lsa, Vivo’ning yangi flagmanida 4096 mm2 birlikni tashkil etgan.

Mazkur smartfon 15 yanvardan Xitoyda, uch xil (Black, Latent Blue va Legendary BMW Edition) ranglardagi korpuslarda sotuvga chiqadi. Uning boshlang‘ich konfiguratsiyadagi – 8/128 gigabaytlik varianti 585 dollarga baholangan – Xiaomi Mi 11’ning shunday variantidan deyarli 20 dollarga arzon. Eng yuqori – 12/256 gigabaytlik xotiralisi ham «Xitoycha Apple» flagmanining shunday xilidan pastroq – 648 dollarlik narxda olish mumkin.

Esingizda bo‘lsa kerak – AnTuTu benchmarkida Xiaomi Mi 11 flagmani 745 ming ballga yaqin ko‘rsatkich qayd etgan bo‘lsa, iQOO 7 geymerofoni bu servisda 752 935 ballik natija bilan rekord o‘rnatgan edi. Lekin ko‘p o‘tmasdan...

O‘QING: AnTuTu’da taxt talashayotgan Mi 11 va iQOO 7 flagmanlarini bitta zarbada ag‘dargan yangi rekordchini qarshi oling!