«iQOO 7, taxtni bo‘shat!» – AnTuTu’da yangi rekordchi paydo bo‘ldi

  •   DiMaX
  •  614
  •  24.05.2021 13:03

«iQOO 7, taxtni bo‘shat!» – AnTuTu’da yangi rekordchi paydo bo‘ldi

ZTE korporatsiyasiga qarashli Nubia kompaniyasi Red Magic brendi ostida geymerlarga mo‘ljallangan smartfon va boshqa gadjetlar chiqarib keladi. Joriy yil martning boshida u bir nechta jihatdan rekordchi Red Magic 6 hamda Red Magic 6 Pro geymerofonlari chiqargan.

O‘QING: Mashhur «ustabuzarmon» 2021 yilning sinmaydigan va bukilmaydigan yagona o‘yin smartfonini e’lon qildi (+video)

Mazkur ishlab chiqaruvchi endi ularning yangi versiyasi – Red Magic 6R modelini tayyorlagan va namoyishidan oldin tizerlarini tarqatmoqda. Shulardan biri kuni kecha Weibo ijtimoiy tarmog‘idagi Red Magic rasmiy sahifasida e’lon qilingan.

Unga ko‘ra, ommabop AnTuTu benchmarkida Red Magic 6R smartfoni 845 210 ballik natija bilan mutlaq rekord o‘rnatgan:

Aytish kerakki, AnTuTu testlarida shu kungacha Vivo kompaniyasining iQOO brendi tayyorlagan iQOO 7 o‘yin smartfoni 821 324 ball bilan yetakchi bo‘lib kelayotgan edi.

O‘QING: Eng qudratli Android-flagmanlar (AnTuTu V9 reytingi, 2021 yil aprel)

Red Magic 6R smartfoni Qualcomm kompaniyasining eng kuchli chipsetlaridan biri – Snapdragon 888 bazasida tayyorlangan va LPDDR5 toifali tezkor xotira, UFS 3.1 standartidagi doimiy xotira chiplari bilan jihozlangan. Xaridorlarga uni «operativka»si 6, 8 va 12 gigabaytli, ichki xotirasi esa 128, 256 hamda 512 gigabaytlik variantlarda taklif etishadi.

Navbatdagi «Qirmizi jodu» o‘lchami diagonaliga 6,67 dyuymlik, tasvir aniqligi esa 2400x1080 piksellik displeyga ega. Old kamerasi 16 megapiksellik bo‘lsa, bosh kamerasida to‘rtta modul qo‘llanadi va asosiy sensori 64 MPlik aniqlikda.

Red Magic 6R akkumulyatorining tok sig‘imi 4100 mA/soatlik va, 3C sertifikatsiyasiga ko‘ra, 55 vattlik tezkor quvvatlanadi. Qurilmaning korpusi o‘lchamlari 163,04x75,34x8,2 millimetrga, vazni esa 186 grammga teng.

Android 11 operatsion tizimi boshqaruvi ostidagi Red Magic 6R telefoni, tabiiyki, beshinchi avlod uyali aloqa standartini ham qo‘llab-quvvatlaydi. ZTE ushbu rekordchi smartfonini 27 may kuni taqdim etishini rasman e’lon qilgan.

O‘QING: Eng zo‘r hamyonbop smartfonlar taxtiga yangi da’vogar! (AnTuTu reytingi, 2021 yil aprel)