iQOO Z1 5G taqdim etildi: flagman protsessorli ilk smartfon – atigi 309 dollardan!

  •   DiMaX
  •  1108
  •  20.05.2020 13:02

iQOO Z1 5G taqdim etildi: flagman protsessorli ilk smartfon – atigi 309 dollardan!

Yaqindagina MediaTek kompaniyasi o‘zining Dimensity 1000 Plus rusumli flagman protsessorini taqdim etgan. Uning bazasidagi ilk 5G-smartfonni esa Vivo kompaniyasining o‘yinbop qurilmalarga moslashgan iQOO brendi tayyorlagan va u rasmiy taqdimotdan avval sotuvga ham chiqqan.

O‘QING: «Qualcomm, nariroq suril!» – Samsung ham arzon 5G-smartfonlar uchun protsessor tayyorlayapti

Vivo kecha – 19 may kuni IQOO Z1 5G rusumli ushbu flagmanini namoyish etdi. Birinchi bor ushbu smartfonda qo‘llangan yangi chipsetning ilg‘or xususiyatlaridan biri – u bir vaqtning o‘zida 5G tarmog‘ida ishlovchi ikkita SIM-kartani qo‘llab-quvvatlaydi. Hozirgacha eng kuchli chipsoz – Qualcomm ham, Samsung yoki Huawei ham bunaqa mobil protsessor yaratgan emas.

iQOO Z1 5G modeliga qaytadigan bo‘lsak, uning tashqi ko‘rinishi «G‘alaba uchun tug‘ilgan» deya maqtalgan iQOO Neo 3 5G smartfoniga o‘xshash. Qurilmaning tezkor xotirasi LPDDR4X turiga mansub bo‘lib, 6/8 GBlik variantlarda taqdim etiladi. Doimiy xotira chiplari esa UFS 3.1 toifali, hajmiga ko‘ra 128/256 gigabaytlik.

O‘QING: iQOO Neo 3 chiqdi: eng kuchli protsessorli eng arzon 5G-flagman!

Yangi smartfonni 6.57 dyuymlik, FHD+ formatidagi IPS-displey bilan ta’minlashgan. Kadr yangilanish chastotasi 144 gersni tashkil etuvchi ekranning yuqori o‘ng burchagida 16 megapiksellik selfi-kamera tirqishi mavjud.

iQOO Z1 5G bosh kamerasi bo‘lsa uch modulli va unda asosiy sensor sifatida 48 megapiksellik Sony IMX582 qo‘llangan. Unga o‘ta keng burchakli ob’yektivga ega 8 MPlik datchik hamda 2 MPlik makrokamera hamrohlik qiladi. Smartfonning bosh kamerasi Hyper HDR texnologiyasiga, inson ko‘zini kuzatish funksiyasiga va tungi rejimga ega.

O‘QING: TOP-10: Eng kuchli hamyonbop smartfonlar (AnTuTu reytingi, 2020 yil aprel)

iQOO Z1 5G flagmanini Vivo eng yangi – Wi-Fi 6, shuningdek NFC va GPS modullari bilan jihozlagan. Korpusida quloqchin uchun 3,5 millimetrlik standart audiotirqish hamda stereodinamik ham joylangan. Qurilmaning 4500 mA/soatlik akkumulyatori 44 vattlik texnologiya bo‘yicha tezkor quvvatlanadi. Barmoq izi sensori esa korpusning o‘ng qirrasiga o‘rnatilgan.

Mazkur devays eng yangi – Android 10 operatsion tizim talqini bazasidagi iQOO UI 1.0 grafik qobig‘i bilan ta’minlangan. Vivo uning uchun quyidagicha narxlar belgilagan:

iQOO Z1 5G 6/128 GB – $309

iQOO Z1 5G 8/128 GB – $351

iQOO Z1 5G 8/256 GB – $394

Mazkur smartfon o‘z vatanida 1 iyundan sotila boshlaydi, lekin Xitoydan tashqaridagi bozorlarga chiqishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

O‘QING: Eng zo‘r protsessorli eng arzon 5G-flagman mutlaq rekord o‘rnatdi!