Ishda va hayotda foydalanish uchun ommabop va qulay 5 ta ilova

Ishda va hayotda foydalanish uchun ommabop va qulay 5 ta ilova

Gap biznes, tadbirkorlik, daromad to‘g‘risida ketganida vaqt va tezkorlik iste’molchilar va hamkorlar bilan aloqa o‘rnatish, boshqaruv va ishni to‘g‘ri tashkil qilishning muhim omillariga aylanadi. Quyida sizga aloqalarni o‘rnatish, boshqaruv, hisob-kitob masalalarida va elektron imkoniyatlardan foydalangan holda, kichik biznes va tadbirkorligingizni rivojlantirishga yordam beradigan 5 ta eng ommabop ilovalar haqida ma’lumot bermoqchimiz.

  1. Dropbox (ma’lumotlar qutisi)

Elektron hujjat va ma’lumot almashinuvida ba’zida biz jo‘natayotgan fayl hajmi katta bo‘lsa, uni yuborishga qiynalib qolamiz. Endi bu masalani yechishning zamonaviy yo‘li mavjud. dropbox ilovasidan ro‘yxatdan o‘tib, sig‘imi 2 Gb.gacha ma’lumot yuklash uchun elektron maydonga ega bo‘lasiz. Bu yerga ma’lumotlarni yuklab olib, uni hamkorlar bilan o‘rtoqlashish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, Dropbox yordamida bir urinishda bir necha hamkorlarga yoki hamkasblarga ko‘plab fayllardan foydalanish imkonini berishingiz mumkin.

Ushbu qulaylikdan. shu bilan birga Google Drive, Box yoki One Drive elektron ilovalari yordamida ham foydalansangiz bo‘ladi. Mazkur har bir xizmatning o‘ziga yarasha qulayliklari va kamchiliklari mavjud. Tanlash huquqi esa o‘zingizda.

  1. TeamViewer (jamoaviy ko‘rish)

TeamViewer kommunikatsiyaga mo‘ljallangan ilovalar ichida Skype dan keyingi o‘rinda turuvchi, biznes vakillari orasida ommalashgan elektron softver mahsulotlardan biri. Ba’zida qo‘ng‘iroq yoki elektron pochta orqali hamkasblarga, hamkorlarga nimanidir tushuntirib berish qiyinchilik tug‘diradi. Ilova biror jarayonni masofadan turib, ko‘rsatib berishga xizmat qiladi. Ilovaning nomi ham u jamoaviy hamkorlikka ixtisoslashtirilganini anglatib turibdi. Uning yordamida hamkoringiz, hamkasbingiz sizga uning kompyuteridan foydalanishingizga ruxsat bersa, ilova yordamida fikrlaringizning barchasini amalda, tasvir yordamida ularga ko‘rsatib berishingiz, biror amalni bajarishingiz mumkin.

Bu ilova Windows hamda Mac operatsion tizimlarida ishlashga mo‘ljallangan.

  1. Wave Accounting (hisob-kitob yuritish)

Qog‘ozdagi hisob-kitob yoki buxgalteriya ishini kompyuterda elektron shaklda amalga oshirishning o‘z yo‘l-yo‘riqlari bor. Kompyuter hisobchi ishini qanchalik yengillashtirgan bo‘lsa, yangi ilovalardan endi bundan ham samaraliroq foydalanish mumkin. Kichik biznes vakillari foydalanishiga mo‘ljallangan bu ilova barcha hisob-kitoblarni onlayn yuritish imkonini beradi.

Bu ilova orqali hisob-kitoblarni boshqarish, to‘lovlarni nazorat qilish, onlayn usulda oylik maoshlarni yozishingiz mumkin. Tayyor blanklarni to‘ldirish hisobchiga har tomonlama qulaydir. Bu vaqtni ham tejalishiga olib keladi.

Ilovaning chegaralangan xizmatlaridan foydalanish bepul. Boshqa qulayliklardan foydalanishni bilish uchun Wave Accounting www.waveapps.com elektron resursidan bilib oling.

  1. Bitrix24

Xodimlar, mijozlar va jamoa o‘rtasida samarali muloqotni tashkil etishni istaganlar uchun Bitrix24  ilovasi ayni muddao. Customer Relationship Management, ya’ni mijozlar bilan aloqani boshqarishda ushbu bepul dasturiy ta’minot mahsuloti yuqori qulayliklar beradi. Bitrix24 ning ichki ijtimoiy tarmog‘i yordamida fayllarni almashish, hisobotlarni taqdim qilish mumkin. Yana bir o‘ziga xosligi uning yordamida telefon raqamlariga qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirsa bo‘ladi. U  Android hamda iOS mobil operatsion tizimlarida ham ishlashga mo‘ljallangan.

Ilova kichik biznesga xos rejalar, 12 tagacha xodim hamda 5 Gb hajmdagi ma’lumotlar uchun bepul elektron maydonni bepul beradi.

  1. Evernote

Evernote ko‘pchilik tomonidan foydalaniladigan softver mahsulot. Biznesmen judayam band odam. U doimo yangi rejalar, muhim uchrashuvlarda yuradigan odam. Tabiiyki, bu jarayonda ba’zida tartibsizlik kelib chiqishi, barchasiga ulgurish qiyindek tuyiladi. Mazkur ilova tadbirkorga qaydlarni, eslatmalarni yodiga soladi va ishlarini rejalashtirishiga ko‘maklashadi. Ko‘pchilik kompaniya direktorlari uni “elektron kotib” ham deyishadi. Uni kompyuter yoki telefonga ham o‘rnatsa bo‘ladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!