Islom akademiyasida internetdagi mafkuraviy va diniy tahdidlarga qarshi turuvchi mutaxassislar tayyorlanadi

  •   DiMaX
  •  1869
  •  27.06.2020 15:18

Islom akademiyasida internetdagi mafkuraviy va diniy tahdidlarga qarshi turuvchi mutaxassislar tayyorlanadi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida yangi «Axborot xavfsizligini boshqarish» mutaxassislik yo‘nalishi ochildi. Bu to‘g‘rida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘QING: Musulmonlarga mo‘ljallangan eng qulay brauzer bilan tanishing!

Akademiya matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bu yo‘nalishni ochilishiga zarurat – yuqori texnologiyalarning jadal rivojlanishi mavjud axborotdan samarali va o‘rnida foydalanish barobarida noto‘g‘ri va xato xabarni saralashni o‘rganish hamda foydalanuvchini kiber tahdidlarning har qanday ko‘rinishidan himoya qilishdir.

«Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida tayyorlanadigan Axborot xavfsizligini boshqarish yo‘nalishi bitiruvchisi — axborot makonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarni (texnologik, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, mafkuraviy, diniy) boshqarishda zarur bilim va tajribaga ega mutaxassis bo‘lishi kutilmoqda.

Shuningdek, u har qanday tashkilotning ijobiy Imijini yaratish (PR texnologiya), jamoatchilik bilan aloqalarini mustahkamlash hamda faoliyat samaradorligini ta’minlashda axborot va zarur ma’lumotlarni tahlil etadigan kadr hisoblanadi», – deyiladi xabarda.

Shuningdek, mutaxassislikda ta’lim olishda talaba axborot tizimlari, resurslar va dasturiy ta’minot yaratish, elektron tizimlarning zaif joylarini aniqlash va nazorat qilish, axborot xavfsizligiga doir keng bilim va malakani egallashi aytilmoqda.

2020-2021 o‘quv yilida davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlariga ko‘ra, «Axborot xavfsizligini boshqarish» mutaxassislik yo‘nalishiga jami 25 nafar talaba qabul qilinishi nazarda tutilmoqda. Shundan 12 nafar talaba davlat granti asosida ta’lim olishi mumkin bo‘ladi.

O‘QING: Diniy saboq o‘rtasida porno-rolik namoyish etilgani uchun Zoom’ni sudga berishdi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.