Istalgan Android-smartfonning maxfiy sozlamalariga maxsus ilova yordamida kiramiz!

  •   DiMaX
  •  4983
  •  24.07.2018 19:07

Istalgan Android-smartfonning maxfiy sozlamalariga maxsus ilova yordamida kiramiz!

Android operatsion tizimining bir qator maxfiy opsiyalari va utilitalari borki, ularni ko‘pincha tajribali yuzerlar ham bilavermaydi. Ushbu maxfiy funksiyalar sozlamalariga MIUI Hidden Settings ilovasi yordamida tezkor kirish mumkin.

O‘QING: Maxfiy sozlama orqali har qanday Android-smartfonni «uchib» ishlashga majbur qilamiz!

Nomidan ham payqagandirsiz – aslida bu ilova Xiaomi smartfonlariga mo‘ljallangan. Ammo u boshqa smartfonsozlarning istalgan modeldagi mobil qurilmalariga ham tushadi. Faqat bu smartfon Android 7 yoki 8 talqini boshqaruvi ostida ishlayotgan bo‘lsa bas.

MIUI Hidden Settings bosh ekrani tizim sozlamalariga yo‘llovchi havolalar ro‘yxatidan iborat. Bu sozlamalarga esa oddiy yo‘llar bilan kirib borish qiyin yoki umuman imkonsiz.

Mana, ushbu ilova orqali amalga oshirishingiz mumkin bo‘lgan foydali amaliyotlar ro‘yxati quyidagicha:

  1. Ilovalarni boshqarish. Bu operatsiya orqali hatto tizim dasturlarini o‘chirib qo‘yish imkoni ham mavjud.
  2. Telefon haqida to‘liq ma’lumot olish. Bu borada batafsil axborotlarni, jumladan, undan foydalanish statistikasi haqidagi hisobotni ham olishingiz mumkin.
  3. Bildirishnomalar loglariga kirish. Bu funksiyaning oddiy foydalanuvchilarga keragi yo‘q, ammo telefonni va proshivkani «kavlashtirish»ni xush ko‘ruvchilar uchun ayni muddao.
  4. Qurilmani testdan o‘tkazish. Smartfonning barcha funksiyalarini tekshirib ko‘rish imkoni.
  5. Batareya sarfini optimizatsiya qilish. Mazkur operatsiya yordamida akkumulyator quvvatini oqilona xarjlashni yo‘lga qo‘yishingiz mumkin.
  6. Dasturlardan foydalanish statistikasi. Smartfondagi ilovalarning har biridan qay tariqa foydalanib kelayotganingizni, qaysilari fon rejimida ishlashini va hokazolarni bilib olasiz.
  7. Tizim «pasxalka»larini ko‘rish. «Pasxalka» yoki «Pasxa tuxumi» – Android tizimlarining qayerlarigadir yashirib qo‘yilgan o‘yin, surat, animatsiya kabi bonuslardir. Ushbu ilova o‘shalarni ham ko‘rsatib beradi.

Tabiiyki, MIUI grafik qobig‘idagi operatsion tizimga ega bo‘lgan Xiaomi smartfonlarida MIUI Hidden Settings imkoniyatlari yanada kengroq. Bular – elektron qismlarning maxsus testlari, samaradorlik tekshiruvi hamda ish stolining yashirin sozlamalari kabilardir.

Android 7 yoki 8 talqinidagi operatsion tizim boshqaruvi ostida bo‘lgan smartfoningizga MIUI Hidden Settings ilovasini mana bu havola orqali o‘rnatib olishingiz mumkin.

O‘QING: Android tizimidagi barcha smartfon va planshetlarning maxfiy kodlari

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.