IT Park va Ucell hamkorligida Boot Camp bo‘lib o‘tdi

  •   DiMaX
  •  826
  •  19.10.2019 18:51

IT Park va Ucell hamkorligida Boot Camp bo‘lib o‘tdi

Bugun – 2019 yil 19 oktyabr kuni IT Park hamda Ucell hamkorligida, «Ucell mobile challenge 2019» mobil ilova ishlab chiqish tanlovi doirasida Boot Camp o‘tkazildi. Bu haqda IT Park o‘z rasmiy sayti orqali xabar bermoqda.

O‘QING: Shu yil oktyabr oyida IT-Park qoshida IT akademiyasi ochiladi!

Boot Camp – bu taniqli spikerlarning treninglari va master-klasslarini o‘z ichiga olgan tadbir bo‘lib, tanlovlar ishtirokchilariga o‘z taqdimotlarining eng muhim nuqtalariga e’tibor qaratishda, ommaviy chiqishlar, marketing, dasturlash va startaplar taraqqiyoti sohalaridagi so‘nggi trendlarni bilib olishda yordam beradi.

Bugungi Boot Camp tadbirida sovrin jamg‘armasi 600 mln. so‘mlik «Ucell mobile challenge 2019» tanloviga butun O‘zbekiston bo‘ylab ariza bergan yuzdan oshiq startap-jamoa orasidan saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan 60 tasi ishtirok etdi. E’tiborga sazovor jihati shunda bo‘ldiki, tanlovning eng yosh ishtirokchisi – 12 yashar!

«O‘zbekiston Respublikasida IT-soha taraqqiyoti uchun maqbul shart-sharoitlar yaratish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ilgari surgan besh tashabbus doirasiga kiradi. Mazkur tashabbus doirasida «Digital Generation Uzbekistan» hamjamiyati tashkil etilgan bo‘lib, u jahondagi texnologik trendlarga qiziquvchan yoshlarimizga hamda o‘z mahoratini oshirishni, texnik intervyuga tayyorlanish yoki shunchaki foydali tanishuvlar tashkil etish va orzusidagi ishga kirish istagida bo‘lganlarga ko‘maklashadi», – deya ta’kidlaydi Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Alisher Sadullayev.

Boot Camp davomida Ucell Bosh direktorining Birinchi o‘rinbosari Abdurahmon Abdurahmonov ham Ucell kompaniyasi uchun bu mobil ilovalar ishlab chiqish bo‘yicha birinchi tanlov ekanligini haqida so‘z yuritdi: «Ucell – bu O‘zbekistondagi eng innovatsion mobil operatorlardan biri, ayniqsa, biz o‘zimizni yoshlar brendi sifatida taqdim etishimizni hisobga olganda. Biz g‘ayratli va iste’dodli yoshlarimiz uchun yangi loyihalar va tanlovlar tashkil etishga tayyormiz, toki ular o‘zlarining innovatsion g‘oyalarini moliyalashtirish imkoniga ega bo‘lishsin. Boot Camp tadbirini o‘z ichiga olgan ushbu tanlovning muhim maqsadlaridan biri – mamlakatimizning eksport IT-potensialini oshiruvchi ko‘p miqdordagi eksportbop loyihalarni yaratishdir».

IT Park innovatsiyalar bo‘yicha direktori Abdulahad Qo‘chqorov ta’kidlaganidek: «Mazkur tadbir ishtirokchilarning barcha savollariga javob berishi, mobil ilovalarga qo‘yiladigan talablar va mezonlarni, muvaffaqiyatli loyihalarni saralash usullarini izohlab berishi, shuningdek, o‘z loyihasini taqdim etishning eng yaxshi uslublari haqida qo‘shimcha ma’lumotlar berishi lozim. IT Park uchun bu – startap-tanlovlar va xakatonlar sohasida allaqachon uchinchi muvaffaqiyatli loyiha, korporativ akselerator sohasida esa birinchisidir! Eslatib o‘taman, bizning bosh maqsadimiz – butun Respublika bo‘ylab maqbul startap-ekotizimni rivojlantirishdir. Bu sohadagi asosiy muammolardan biri moliyalashtirishning yetishmasligi bo‘ladi, shu boisdan biz startap-tanlovlarni butkul qo‘llab-quvvatlaymiz, ular sharofati bilan iste’dodli dasturchilar o‘z loyihalariga sarmoya hamda investorlarni topishlari mumkin. Ayni shu maqsadda IT Park qoshida birinchi davlat Venchur Fondi tashkil etilgan».

O‘QING: Alisher Usmonov kompaniyasi O‘zbekistondagi yirik uyali aloqa operatorini sotib olyapti!

«Digital Generation – bu barcha Microsoft hamda SAP resurslariga kirish mumkin bo‘lgan axborot makonidagi yagona nuqtadir. Mazkur platforma real vaqtda ta’lim olish, o‘zaro bilim almashish uchun yaratilgan. Biz ochiq tashkilotmiz va istagan xohlovchi hamjamiyatimizga kirish uchun ariza berishi mumkin. Biz ushbu tanlovning hammuassisi hamda hamkorlaridan biri bo‘lamiz, chunki yoshlar orasida innovatsion IT-g‘oyalarni cho‘llab-quvvatlash – biz uchun eng muhim yo‘nalishlardan biridir», – deya qo‘shimcha qildi Digital Generation Uzbekistan hammuassisi A. Tojiyev.

Shuningdek, ishtirokchilar bu tadbirda nomdor spikerlardan master-klasslar tinglashdi: «Compass Consulting» MChJ kompaniyasi direktori Ulug‘bek Hojiahmedov «Marketing asoslari», biznes-trener va konsultant Artur-Pak Vartanyan «Taqdimot san’ati», «Re-form» MChJ kompaniyasi asoschisi Diyas Mutalov esa «Startap qanday yashab ketishi kerak» mavzularida chiqishlar qilishdi.

O‘QING: Mobil operatorlar bizdan nimani yashirmoqda?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!