Jahon mobil kongressi: Samsung Galaxy S7’ning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Jahon mobil kongressi: Samsung Galaxy S7’ning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Jahonning eng yirik mobil qurilma kompaniyasi – Samsung  Electronics 21 fevral kuni Barselonada o‘zining navbatdagi – Galaxy S seriyasiga mansub Galaxy S7 va Galaxy S7 Edge smartfonlarining namoyishini o‘tkazdi. Taqdimot “Chegaralardan narida”, “Aqlli telefondan ustunroq gadjet”, “Yorug‘lik, aniqlik, uyg‘unlik”, “Cheksiz imkoniyatlar smartfoni” kabi shiorlarga boy bo‘ldi.

Smartfonlarning tashqi dizayni metall va shisha uyg‘unligidan tashkil topgan. Galaxy S7 5.1 dyuymli hamda qayrilma sohil dispeylariga ega Galaxy S7 Edge 5.5 dyuymli Quad HD AMOLED turidagi displeyga ega.

Galaxy S7 ekranining piksel sig‘imi – 2560x1440, ya’ni har dyuymda 577 ta belgi. Galaxy S7 Edge’da esa har dyuymdagi piksel sig‘imi 534 ta belgiga teng.

Galaxy S7 142.4 x 69.6 x 7.9 mm va og‘irligi 152 gramm bo‘lsa, Galaxy S7 Edge 150.9 x 72.6 x 7.7 mm va u 157 gramm tosh bosadi.

Har ikkkala mobil apparatda ichki salqinlatish tizimi mavjud, ya’ni misli quvur suyuqlik yordamida apparatlarning salqinligini ta’minlaydi.

Gadjetlar 4 GB tezkor xotira, Android 6.0.1 Marshmallow operatsion tizimi bilan ta’minlangan. Galaxy S7 Snapdragon 820,  Galaxy S7 Edge Exynos 8890 protsessorlariga ega. Mazkur protsessorlar qurilmalarning “ajdodlari” bo‘lmish S6’dan 50 %ga tezroq ishlashlarini ta’minlaydi.

Shuningdek, smartfonlarda 3000 (Galaxy S7) hamda 3600 (Galaxy S7 Edge) milliamper soat elektr toki qabul qilish quvvatiga ega akkmulyator mavjud. Bu quvvat 13 soat mobaynida HD formatidagi fayllar bilan ishlashga imkon beradi. Shuningdek, tezkor quvvat olish tizimida qurilmalar 10 daqiqada 50 % quvvat olishadi

Ularda simsiz va tezkor quvvatlash tizimlari, suvga dosh beradigan tizim, qo‘shimcha xotira uchun MicroSD bo‘lmasi mavjud.

Ikkala smartfon ham 12 MP bosh hamda 5 MP old kameraga ega. Ulardagi F1.7 linzalari yorug‘lik past muhitda ham yorqin surat olish imkonini beradi. Mobil qurilmalarda ilk marotaba foydalanilgan “Dual Pixel Sensor”, ya’ni qo‘sh sensorli piksel texnologiyasi rang-tasvirning keskin o‘zgarish mahalida zarur bo‘lgan tezkor avtofokusni ta’minlaydi. Ushbu avtofokus tizimi yorug‘lik past joyda ham suratning yuqori sifatli bo‘lishida muhim o‘rin egallaydi.

Bir yil avval e’lon qilingan S6’da 16 MP.li kameradan foydalanilgan edi. Kompaniya vakili Samsung bu gadjetlarga 30 MP kamera qo‘yishi ham mumkinligi, ammo qo‘sh sensorli tizim tufayli bunga hojat yo‘qligini ma’lum qildi.

Qurilmada 4K Ultra HD formatidagi yuqori sifatli video tasvir yozib olish mumkin. Ularda 2 mingta o‘yinni jamlagan Game Launcher ilovasi ham mavjud bo‘ladi.

Shuningdek, kompaniya smartfonlar bilan birgalikda virtual voqelik kamerasi hamda virtual voqelik dubulg‘asini namoyish qildi.

360 darajali burchak ostida video hamda foto olish layoqatiga ega Gear 360 virtual voqelik kamerasida olingan videolarni YouTube va Facebook ijtimoiy tarmoqlariga yuklash va ularni OLED texnologiyali Gear VR virtual voqelik dubulg‘asi yordamida ko‘rish mumkin.

Gear 360 qurilmasi – shaklidan golf koptokchasini eslatuvchi qurilma. Uning ikki tomonida 15 MP.li, 180 daraja burchak ostida tasvir oluvchi kameralari bor.

Shuningdek, kompaniya qurilmalarning yuqori qismiga o‘rnatishga va 200 GB.gacha ma’lumot olish imkoniga ega gibrid Micro SD hamda SIM-karta uchun gibrid bo‘lmachani ham taqdim etdi.

Yangi smartfonlar  IP68 sertifikatiga ega. Ya’ni ular bor bo‘yi-basti bilan 30 daqiqagacha suv ostida turishga dosh berishlari mumkin. Ular changga ham chidamli tizimga egalar.

Shuningdek, yangi gadjetlarda faol displey funksiyasi tatbiq qilingan. Unda vaqt, taqvim va turli ogohlantirishlar, tanlangan ilovalar muntazam aks etib turadi. Ma’lum bo‘lishicha, bu funksiya uchun ketadigan quvvat – kundalik sarflanadigan quvvatning 1 %ini tashkil qiladi.

Yangi gadjetlarda Samsung Pay onlayn to‘lov tizimi ham joriy qilingan. Endi ularning foydalanuvchilari kredit kartochkalarini qurilmaga ulab, to‘lovlarni ular yordamida amalga oshiradilar.

S7 tilla va qora rangda, S7 Edge tilla, qora va kumush rangli talqinlarda sotuvga chiqariladi.

Hozircha narx-navo masalasida aniq bir fikr yo‘q. Ammo qurilmalar narxining 800-900 AQSh dollari bo‘lishi kutilmoqda. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, kelayotgan haftaning juma kunidan boshlab Avstraliyada qurilmalar uchun oldindan buyurtmalar olina boshlaydi. 6 martgacha to‘lovni amalga oshirgan mijozlarga Gear VR virtual voqelik shlemi bepul sovg‘a qilinadi.

Gartner tadqiqot markazining ma’lum qilishicha, 2015 yilda kompaniyaning xalqaro smartfon bozorida sotilgan qurilmalardagi ulushi 22 foizni tashkil qilgan. Bu borada natija 2014 yilga nisbatan 2.2 foizga pasaygan.

 

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.