Jahon rekordchisi ilk sifatli «jonli» rasmda: Qualcomm atay shu geymerofon uchun eksklyuziv protsessor tayyorlab bergan!

  •   DiMaX
  •  894
  •  18.06.2020 15:22

Jahon rekordchisi ilk sifatli «jonli» rasmda: Qualcomm atay shu geymerofon uchun eksklyuziv protsessor tayyorlab bergan!

Asus kompaniyasining ROG Phone 3 smartfoni xususiyatlarini yaqinda TENAA regulyatori fosh etgan haqida yozgandik. Kuni kecha esa mazkur geymerofon AnTuTu servisida jahon rekordini yangiladi!

O‘QING: Hali chiqmagan Snapdragon 865 Plus flagman protsessori ilk bor AnTuTu’da imtihon topshirdi!

Mazkur geymerofonda Qualcomm hali rasman namoyish etmagan Snapdragon 865+ chipseti qo‘llanishi kutilayotgan edi. Lekin inchayderlarning so‘nggi xabarlariga ko‘ra, unda hozirgi flagman – Snapdragon 865 protsessorining ayni shu smartfonga moslab maxsus kuchaytirilgan versiyasi ishlatiladi. Bunga ham ishonsa bo‘ladi, zero, birinchi – original Asus ROG Phone modeli ham Snapdragon 845 chipsetining kuchaytirilgan talqiniga asoslangan edi.

Bundan tashqari, Asus ROG Phone 3 smartfonining sifatli olingan birinchi «jonli» rasmi ham internetga chiqdi:

Ko‘rib turganingizdek, yangi geymerofon o‘z «ajdod»lari dizaynini saqlab qolgan; hatto uzoqroqdan qaraganda, uni Asus ROG Phone 2 modelidan farqlab ham bo‘lmaydi.

ROG Phone 3 orqa panelidagi logotip ichkaridan yoritiluvchi ekanini, yana «Republic of Gamers» o‘rniga bu gal «Tencent Games» yozuvi tushirilganini ko‘ramiz. Bu esa xitoylik gigant – Tencent kompaniyasining Asus’ga ta’siri naqadar kuchli ekanidan dalolat beradi. Biroq qurilmaning dunyo bozoriga mo‘ljallangan global versiyasida bu yozuv bo‘lmaydi, deyishmoqda.

Kezi kelganda aytib o‘tish mumkinki, WeChat messenjeri, PUBG (smartfonlar uchun – PUBG Mobile) o‘yini va boshqa ko‘plab dasturiy ta’minot mahsulotlari aynan Tencent’ga qarashli.

O‘QING: Musulmonlar e’tirozi bois PUBG Mobile’dan butparastlik animatsiyasi olib tashlandi