Jahonda eng yaxshi sotilayotgan noutbuk brendlari va modeli ma’lum bo‘ldi

Jahonda eng yaxshi sotilayotgan noutbuk brendlari va modeli ma’lum bo‘ldi

TrendForce marketing kompaniyaciga ko‘ra, 2017 yilning boshidan buyon HP kompaniyasi jahon noutbuk bozorining yaqqol peshqadami bo‘lib kelmoqda. Jumladan, 2017 yilning 3-choragida mazkur brend jahon miqyosida sotilgan jami noutbuklarning 23.4 foiziga egalik qiladi. Bu brend 11 million dona devays sotgan. Undan keyingi o‘rinda esa Xitoyning Lenovo (8.58 mln) kompaniyasi turibdi. So‘nggi chorakda bu brend bozorning 20.1 foiziga egalik qilmoqda. Yetakchi uchlikni 16.4 foiz ulush bilan Dell brendi yakunlagan (6.65 mln).

So‘nggi chorakda jahon bozorlarida 39 million dona laptop sotilgan. Bu avvalgi chorakdan 3 million donaga kam degani.

Eng ommabop model

Ayniqsa, HP kompaniyasining HP Spectre x360 gibrid noutbuki yaxshi sotilmoqda. Gadjet 13 dyuymli Full HD ekranga ega. Ekranni barmoq bilan boshqarish mumkin. Qurilma ixcham korpus va zamonaviy dizaynda ishlangan. Qalinligi bor-yo‘g‘i 13,8 mm, og‘irligi esa 1,3 kilogramm. Avtonom ishlash vaqti 15 soatni tashkil etadi.

HP Spectre x360 yettinchi avloddagi Intel Core i5 va Core i7 protsessorlarida (Kaby Lake texnologiyasida) ishlaydi. Gadjetga 16 GBgacha bo‘lgan tezkor xotira va 1 TBgacha SSD o‘rnatsa bo‘ladi. Ikkita USB Type-C/Thunderbolt 3 portlari, bitta USB 3.0 sloti ko‘zda tutilgan. Noutbuk Windows 10 platformasida ishlaydi. Model 2016 yilning noyabrida $1049 narxida sotuvga chiqqan.

Nihoyat, MacBook Pro modellari evaziga Apple ham reytingda ko‘zga ko‘rinib qoldi. Apple 2017 yilning iyul, avgust va sentyabr oylarining o‘zida 4,43 million dona MacBook sotishga muvaffaq bo‘lgan. Bu esa 2017 yilning ikkinchi choragi bilan solishtirganda 11% ga ko‘p degani. Ekspertlarning izoh berishlaricha, bu yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan bog‘liq. Boisi, o‘quv muassasalari va talaba-yoshlar asosan "Olma" laptoplarini ma’qul ko‘rishadi. Ayniqsa, 12- dyuymli MacBook hamda MacBook Pro'ning barcha talqinlari yaxshi sotilmoqda.

O‘qingApple Intel’ning kuchli chipiga ega MacBook’larni taqdim qildi

MacBook Pro'ning 2017 yilgi modellari Kaby Lake protsessorlari va nisbatan ilg‘or grafik chiplarga ega bo‘lgani ham savdoni yaxshilagan. Apple'ning noutbuk bozorida so‘nggi chorakdagi ulushi 10,4% ni tashkil qiladi va bu bilan amerikalik gigant ASUS va Acer kabi "ustasi farang" noutbuksozlarni ortda qoldirishga erishgan.