Jahondagi eng ko‘p sotilgan 5G-smartfonlar reytingi

  •   DiMaX
  •  1288
  •  29.10.2020 14:12

Jahondagi eng ko‘p sotilgan 5G-smartfonlar reytingi

Joriy yilning 30 sentyabr holatiga ko‘ra, butun dunyoda sotilgan smartfonlarning 40 foizi Xitoydagi beshtagina brend hissasiga to‘g‘ri keladi. «Osmon osti saltanati» aholisining o‘zi ko‘proq qaysi kompaniyalarning telefonlarini sotib olayotgani bo‘yicha ham alohida reyting e’lon qilganmiz.

O‘QING: Eng ommabop 10 smartfon (43-hafta)

Bugun – 29 oktyabr kuni Strategy Analytics tadqiqot kompaniyasi esa butun dunyo bo‘ylab eng ko‘p sotilayotgan 5G-smartfonlar haqida ma’lumot taqdim etdi. Ushbu reyting 2020 yilning birinchi yarmida sotilgan qurilmalar statistikasiga tayangan holda tuzilgan.

Demak, ko‘rsatilgan davrda beshinchi avlod uyali aloqa standartini qo‘llab-quvvatlovchi modellardan Galaxy S20 Plus 5G flagmani eng ko‘p sotilgan ekan. Tahlillarga ko‘ra, ushbu smartfon G‘arbiy Yevropa, Janubiy Koreya, Shimoliy Amerika va boshqa hududlarda juda ommabop.

Kuchli uchlikni Samsung kompaniyasi hech kimga berib qo‘ymagan – keyingi o‘rinlarda uning Galaxy S20 Ultra 5G hamda Galaxy S20 5G modellari turibdi. Xitoylik texnogigantning Huawei P40 Pro 5G hamda Huawei Mate 30 5G flagmanlari esa sotilish ko‘lamiga ko‘ra to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarni band etgan.

Tahlilchilarning prognozlariga ko‘ra, Apple iPhone 12 modeli 2020 yilning ikkinchi yarmida eng ko‘p sotiluvchi 5G-smartfon bo‘ladi. Huawei kompaniyasining AQSh sanksiyalari tufayli «so‘nib» borayotganini hisobga olsak, Apple tez orada uni quvib o‘tib, mazkur bozorda birinchilik uchun Samsung bilan kurashishi aniq.

Darvoqe, 2020 yilning birinchi yarmida dunyo bo‘yicha 5G-smartfonlarning umumiy savdosi rekord darajaga yetgan – naq 34 milliard AQSh dollari! Koronavirus pandemiyasiga qaramasdan, bu bozor tezkorlik bilan o‘sib bormoqda; smartfonsozlar esa flagmanlardan tashqari, imkon qadar arzon modellar ham taqdim etishga intilishmoqda.

O‘QING: O‘ttiz to‘rt dollarlik 5G-smartfonga nima deysiz?