JioPhone Next – dunyodagi eng arzon 4G-smartfon! (+video)

  •   DiMaX
  •  634
  •  25.06.2021 09:52

JioPhone Next – dunyodagi eng arzon 4G-smartfon! (+video)

O‘tgan yilning sentyabr oyida Reliance Jio kompaniyasi (Hindiston) rahbari mamlakatda 5G tarmog‘ini yo‘lga qo‘ymoqchi ekanligini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, bu kompaniya atigi 4000 rupiy (taxminan 54 AQSh dollari) keladigan Android-smartfonni taqdim etishi aytilgan.

O‘QING: Hindistonni «Jio’lashtirish»: 1,3 milliard aholini BEPUL 4G-aloqa bilan ta’minlab, internetni 5 karra arzonlatgan milliarder!

24 iyun kuni o‘tkazilgan yillik matbuot anjumanida Reliance Industries kengash raisi Mukesh Ambani yangi 4G-smartfonni e’lon qildi. Google bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan ushbu model JioPhone Next deb nomlanadi.

Smartfonning texnik xususiyatlarini e’lon qilishmagan, ammo suratiga ko‘ra, u keng romli ekranga hamda old va orqa panellarida bittadan kameraga ega. JioPhone Next ovozli assistentga, tarjima vositalariga, nutqni matnga aylantirish funksiyasiga hamda kamera uchun to‘ldirilgan borliq filtrlariga ham ega bo‘lishi aytib o‘tilgan.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, JioPhone Next nafaqat Hindistondagi, balki butun dunyodagi eng arzon 4G-smartfon bo‘ladi. Devaysning aniq narxini aytishmagan, lekin u haligacha 2G standartidagi aloqadan foydalanayotgan foydalanuvchilarga yangi texnologiyalarni yetkazib berishga mo‘ljallanganini ma’lum qilgan. Hindistonning o‘zidayoq 300 millionga yaqin kishi hali-hanuz 2G tarmog‘idagina ishlay oluvchi telefon bilan yuribdi.

O‘QING: O‘zbekistonda 2G, 3G, 4G va 5G texnologiyalari: Tezkor internetga ulash qanday ketyapti?

 Google kompaniyasi esa aynan shu JioPhone Next smartfoni uchun maxsus dasturiy ta’minot ishlab chiqqan. Mazkur gadjet tezkor xotirasi kichik, protsessori pastroq bo‘lgan arzon smartfonlarga mo‘ljallangan Android Go operatsion tizim talqinida ishlaydi.

Qidiruv giganti rahbari Sundar Pichai (u ham hind ekanidan xabaringiz bor) ma’lum qilishicha, JioPhone Next shu yilning 10 sentyabridan Hindistonda sotuvga chiqadi. Keyin uning boshqa mamlakatlar bozorlariga ham taqdim etilishini kutish mumkin.

O‘QING: O‘ttiz to‘rt dollarlik 5G-smartfonga nima deysiz?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!