«Jonli» rasmlar: hamyonbop Galaxy M20 ham qo‘sh kamera, USB-C porti va quloqchin tirqishiga ega ekan!
Samsung kompaniyasi yangi – Galaxy M turkumidagi arzon smartfonlar turkumining ilk modellarini yaqinda taqdim etadi. Kompaniyaning «kemtik» ekranli ilk qurilmasi – Galaxy M20 allaqachon benchmarklarda tekshirib ham ko‘rilgan.
O‘QING: Hamyonbop Galaxy M smartfonlarining narxlari va ayrim jihatlari ma’lum bo‘ldi
Endi esa 91mobiles nashri Galaxy M20 smartfoni g‘ilofining «jonli» suratlarini e’lon qildi. Ular mazkur modelning dizayniga tegishli ishonchli xulosalar chiqarishga asos bo‘la oladi.
Yuqoridagi rasmga ko‘ra, Galaxy M20 orqa panelida qo‘shaloq asosiy kamera va undan salgina pastrog‘ida fotochaqnoq bo‘ladi. Shuningdek, orqa qopqoqning o‘rtarog‘ida joylashuvchi barmoq izi skaneri uchun g‘ilofda ochilgan tirqishga ham ko‘zimiz tushadi.
Shuningdek, g‘ilofning pastki tomonidan olingan suratga ko‘ra, ushbu arzon smartfondan quloqchin tirqishi olib tashlanmaydi. Galaxy M20 korpusining pastki qirrasida 3,5 millimetrlik audiotirqish, USB-C porti, so‘zlashuv mikrofoni hamda asosiy dinamik joylashishi mana bu rasmdan ayon bo‘lyapti:
Samsung kompaniyasi Galaxy M20 modelini ham 2019 yilning yanvarida rasman namoyish etishi kutilmoqda. Uning shu kungacha bozorga chiqqan smartfonlarini esa Terashop.uz internet-do‘konimizdan 861 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda onlayn usulda sotib olish mumkin.