Yo‘riqnoma Samsung Galaxy S8 Active smartfonini fosh etib qo‘ydi

Yo‘riqnoma Samsung Galaxy S8 Active smartfonini fosh etib qo‘ydi

Samsung tomonidan rasmiy taqdimoti hali o‘tkazilmagan, biroq omma e’tiboriga havola etilishi kutilayotgan Galaxy S8 Active smartfoni haqidagi ma’lumotlar internetga chiqib ketdi.

Android Police nashri tomonidan e’lon qilingan skrinshotlar aslida Samsung xodimlari uchun mo‘ljallangan o‘quv yo‘riqnomalari bo‘lib, unda yangi smartfon haqida so‘z boradi.

Mazkur yo‘riqnoma yangi qurilma Galaxy S8 dan ko‘ra baquvvatroq korpus bilan ta’minlangani, Quad HD+ (2960x1440 pikselli) rezolyusiyasiga va Corning Gorilla Glass 5 himoya oynasiga ega tekis Super AMOLED displey (diagonali 5,8 dyuym) o‘rnatilganini tasdiqladi.

Smartfoning asosiy kamerasi 12 megapikselli, old kamerasi esa 8 megapikselli bo‘ladi. Protsessori (Qualcomm Snapdragon 835) va xotiralari (4 gigabayt operativ va 64 gigabayt tashqi) xuddi Galaxy S8 nikidek.

IP68 darajasidagi suv va changdan himoya tizimiga qo‘shimcha ravishda smartfon mustahkamligi bo‘yicha MIL-STD-810G harbiy standartiga muvofiq keladi. Akkumlyatori quvvati 4000 mA/s tashkil etadi, Android 7.0 Nougat operatsion tizimi ostida ishlaydi.

Taxminlarga ko‘ra, Samsung Galaxy S8 Active smartfoni 699—749 AQSh dollari oralig‘idagi narxda sotuvga chiqariladi.