Kameralar “jangi”: Sony Xperia, Google Pixel, iPhone 7 Plus

Kameralar “jangi”: Sony Xperia, Google Pixel, iPhone 7 Plus

Sony kompaniyasi tomonidan taqdim qilingan flagmanlar — Xperia XZ Premium va Xperia XZs’ning har ikkalasi eng so‘nggi texnologiyaga ega 19 megapikselli foto-ob’yektivlar bilan ta’minlangan. Uning yorug‘likni qabul qiluvchi optik priborining hajmi f/2.0. 2016 yildan ishlab chiqarilayotgan Xperia XZs modelining imkoniyatlarini o‘rganish uchun uni Apple va Google’ning “eng zo‘r” deya aytilayotgan gadjetlarida olingan suratlar bilan taqqoslab ko‘rdik. Eslatib o‘tamiz, Xperia XZ Premium va Xperia XZs’ning kamera modullari bir xil.

iPhone 7 Plus smartfoni 2 ta 12 megapikselli ob’yektivlar jamlanmasidan iborat. Ularning aperturasi, ya’ni yorug‘likni qabul qiluvchi optik priborining hajmi f/1.8, kamera optik barqarorlashtirish, fazaviy avtofokus funksiyalariga ega.

Google Pixel’ning bosh kamerasi 12.3 MP, uning yorug‘lik o‘tkazuvchi optik priborining hajmi f/2.0 bo‘lib, kamera fazali avtofokus, lazerli avtofokus funksiyalari bilan ta’minlangan.

Shunday qilib, bellashuv boshlandi.

1-shart: Surat solingan devorni aks ettirish

Android tizimi ramzi tushirilgan ushbu suratdagi har bir detal aniq-tiniq suratda muhrlanishi uchun kameradan yuqori texnologik ta’minot talab etiladi. Surat olingan vaqtda ob-havo sharoiti qulay, yorug‘lik yetarli bo‘lgani bois, kamera noqulaylikka duch kelmaydi.

Ko‘rib turganingizdek, olingan suratlar orasida Google Pixel smartfonida olingan rasm ajralib turibdi. Undagi oq rang darajasining oshib ketmaganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Ranglar o‘rtasidagi nisbat, umumiy ravshanlik holati yuqori.

iPhone olgan suratning oq rangli qismi sarg‘ish tusga kirganini ko‘rish mumkin. Sony flagmanida olingan suratda detallarning bir oz xiraligiga guvoh bo‘lish mumkin. Biroq, bu boradagi mag‘lubiyatning omilini oddiy foydalanuvchi sezmasligi, bu kamchiliklarga e’tibor qilmasligi mumkin. Biz esa ekspert sifatida xolis va asoslangan bahoni berishga majburmiz.

2-shart: Yaltiroq kubok surati

Yaltiroq, o‘zidan nur qaytarayotgan jismlarni suratga olish har qanday kamera uchun jiddiy sinoq. Shu sababli, sinovning keyingi bosqichida jahonning ilg‘or smartfonlari yaltiroq kubok va unda taralayotgan jiloni muhrlashlari kerak bo‘ladi. UEFA logotipini fokuslashda kameralar imkon qadar harakat qilishdi. Google Pixel bu gal ham o‘ziga berilgan ta’rifni oqladi. Firmaning HDR (kengaytirilgan dinamik diapozoni)ga xos texnologiyasi tilla rangini “ko‘ra” oldi, kamera matritsasi va optik pribor uning ravshanligini ta’minladi.

iPhone olgan suratda rangning tasvirlanishi va tiniqlik yetarli darajada emas. Shu bois, uning kamerasi bu bellashuvda ikkinchi o‘rinni egalladi. Sony Xperia XZs olgan surat ayfonda olingan rasmdan u qadar farq qilmaydi.  Xperia XZ olgan tasvirda kubokdagi harflar noaniq.

3-shart: Gazeta sahifasini suratga olish

Ish yoki zarurat yuzasidan turli hujjat yoki sahifalarni suratga olib, jo‘natishga to‘g‘ri kelib qoladi. Ko‘rib turganingizdek, bu gal Xperia XZs g‘oliblikni qo‘lga kiritdi! Google flagmani negadir bu gal harflarni yarim shaffof ko‘rinishga keltirib qo‘ydi. iPhone esa kichkina harflarni tiniq ko‘rsatishda undan peshqadam. Apple smartfonining suratida yorug‘likni yetkazish pastroq. Aslida oqish bo‘lgan gazeta sahifasi suratda sarg‘ayib qolgan. Shu bilan birga, Xperia XZs va ayfon suratlaridagi ravshanlik darajasi deyarli bir xil.

4-shart: Juda qorong‘u tokcha va yorug‘lik yetishmovchiligi sharoitida suratga olish

Kameralar o‘rtasidagi bu bellashuvning eng mashaqqatli sinovi ayni shu jarayon bo‘ldi, deyish mumkin. Bunda kameralardan qorong‘u joyda turgan rang-barang suratlarni tasvirga olish talab etildi. Odatda aynan shunday sharoitda sifatli suratga olishni ta’minlash uchun ham smartfon ishlab chiqaruvchilari HDR rejimini ishlab chiqishadi. Ko‘rib turganingizdek, bu bellashuv g‘olibi – Pixel smartfoni.

Guvohi bo‘layotganingizdek, iPhone 7 Plus hamda Xperia XZs’ning kameralari olgan suratlarini bir-biridan ajratish qiyin. Apple gadjetida xirali kam bo‘lsa ham, suratning bo‘zarganini ko‘rish mumkin. Tokcha usti esa juda yorishib ketgan. Sony apparatida ham xiralik bor, ammo u olgan surat juda oqarib ketmagan.

5-shart: Momiq gulni suratga olish

Makro formatda suratga olishda ham Sony kamerasining ilg‘orligiga guvoh bo‘lish mumkin. Momiq gulning yaqinlashtirilgan momiqlariga e’tibor qiling. iPhone va XZs olgan suratlar darajasi deyarli bir xil. Kichik detallarning tasvirlanishi har uchala smarfton suratida ham yomon emas.

Xulosa qanday?

Guvohi bo‘lganingizdek, bu bellashuvning 3 shartida Google’ning Pixel smartfoni g‘olib bo‘ldi. Bu bekorga emas. Ilg‘or texnologiya o‘z natijasini berdi. Aytish kerakki, Google Pixel  2016 yilda “Yilning eng yaxshi suratga oluvchi smartfoni” mukofotini qo‘lga kiritgan. Uning eng kuchli jihati — Sony tomonidan ishlab chiqarilgan IMX378 sensori hisoblanadi. Unda Sony’ning SME-HDR va fazali avtofokus texnologiyalari tatbiq etilgan.  Xiaomi Mi 5S smartfonida ham xuddi shunday sensor o‘rnatilgan.  Xperia XZs flagmani esa musobaqada 2-o‘rinni egalladi, deyishimiz mumkin.

 

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.