Kamida uchta smartfonsoz Android’dan kechib, 2 iyunda chiqayotgan HarmonyOS tizimiga o‘tadi!

  •   DiMaX
  •  1799
  •  19.05.2021 13:47

Kamida uchta smartfonsoz Android’dan kechib, 2 iyunda chiqayotgan HarmonyOS tizimiga o‘tadi!

Avvalroq HarmonyOS 2.0 proshivkasini oluvchi Huawei hamda Honor smartfonlari, planshet va smart-soatlari ro‘yxatini e’lon qilgan edik. O‘tgan oyda esa HarmonyOS 2.0 proshivkasini olishga tayyor bo‘lgan 19 ta modeldagi gadjetlarning rasmiy ro‘yxati ham chiqqan.

O‘QING: HarmonyOS foydalanuvchilar uchun muhim ikkita jihatda Android’dan ustun ekan!

Kuni kecha Huawei kompaniyasi Huawei HarmonyOS Connect hamkorlik sammitini o‘tkazdi. Ushbu tadbirda Huawei Consumer Business AI hamda Smart Full Scenario Business Department bo‘linmalari vitse-prezidenti Yan Xayson (Yang Haisong) qiziq ma’lumotlarni taqdim etdi. Uning bayonotiga ko‘ra, smartfon ishlab chiqaruvchi kamida uchta kompaniya o‘z mobil telefonlarida HarmonyOS operatsion tizimini qo‘llamoqchi. Bulardan biri Huawei’ning o‘zi ekanligi aniq, ammo qolganlari qaysilar ekaniga u aniqlik kiritmagan.

«Operatsion tizimning ishlab chiqilishi – bu dengizdan tomchi, xolos; bu – muvaffaqiyatning 1 foizidir. Qolgan 99 foizi – sizning platformangizni qo‘llashga tayyor bo‘lgan hamkorlar miqdoridir», degan Yan Xayson.

Shuningdek, uning da’vosiga ko‘ra, boshqa operatsion tizimlar 5 yilda bosib o‘tgan yo‘lni HarmonyOS shu yilning oxirigacha zabt etadi va bozorning 16 foizini egallaydi.

O‘QING: Huawei smartfonlariga HarmonyOS 2.0 taqdim etildi! (+birinchi «jonli» video)

Huawei’ning boshqa bir rahbari – almashuvchi raisi Syuy Chjitszyun (Xu Zhijun) so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning oxiriga borib 300 millionta qurilma allaqachon HarmonyOS tizimida ishlayotgan bo‘ladi. Shulardan 200 milliontasi Huawei‘ning, qolganlari esa hamkorlarning turli gadjetlari bo‘ladi.

Tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, xitoylik texnogigant o‘zining ushbu universal operatsion tizimini 2 iyundayoq foydalanuvchilarga taqdim etadi.

Eslatib o‘tamiz, yaqindagina biz HarmonyOS operatsion tizimi ustiga qurilgan MIUI grafik qobig‘i bilan ishlayotgan Xiaomi smartfonining videosini ulashgan edik.

O‘QING: HarmonyOS 2.0 qanday ishlashini Android bilan «jonli» videoda taqqoslab ko‘ramiz!